O‘tgan yilning kuzida Jizzax viloyatida o‘qituvchilardan mahalliy «So‘g‘diyona» futbol klubining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 272,15 mln. so‘m miqdorida mablag‘ yig‘ilgani aniqlangandi. Shundan so‘ng, Xalq ta'limi vazirligining rasmiy saytida vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati aralashuvi bilan o‘qituvchilar tomonidan «So‘g‘diyona» klubiga «xayriya» qilingan mablag‘lar qaytarilayotgani ma'lum qilindi.
Ammo mart oyi boshida Jizzax viloyatining Yangiobod tumanidagi bir guruh o‘qituvchilar 5 oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, «So‘g‘diyona» klubiga o‘tkazilgan pullar haliyam qaytarilmaganini va bu haqda ular bir necha bor mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilishgani befoyda bo‘lganini aytishdi.
Shundan so‘ng, Kun.uz saytida «O‘raga sichqon tushdi, guldur-gup» yoki jizzaxlik o‘qituvchilarning «So‘g‘diyona»ga o‘tkazilgan pullari qayerga yo‘qoldi?» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilindi.
Voqea tarixi — 2018 yilning 2 noyabrida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyevning «So‘g‘diyona» professional futbol klubining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash to‘g‘risida»gi 360-F sonli farmoyishi bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, 3–4 noyabr kunlari umumxalq hashari tashkil etilib, hashar doirasida turli tashkilotlar xodimlari, jumladan, maktab o‘qituvchilarining ham bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘lari «So‘g‘diyona» klubi hisob raqamiga ixtiyoriy ravishda o‘tkazilishi belgilangandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga zid ravishda qabul qilingan mazkur farmoyish oradan ko‘p o‘tmay, Jizzax viloyat hokimning 2018 yil 10 noyabrdagi 369-F-sonli farmoyishi bilan bekor qilingan.
Shundan so‘ng, Xalq ta'limi vazirligi «So‘g‘diyona» futbol klubi hisob raqamiga noqonuniy o‘tkazilgan pul mablag‘larini qaytarish choralari ko‘rilgani, barcha o‘qituvchilarga oylik maoshidan ushlab qolingan bir kunlik ish haqlari qaytarilayotgani haqida ma'lum qiladi.
Yangiobodlik o‘qituvchilarning noqonuniy ushlab qolingan jami 21 million 600 ming so‘mdan ziyodroq oylik maoshlari hanuzgacha qaytarilmayotgani ma'lum bo‘lgach, tahririyat jurnalistik tekshiruv o‘tkazgan edi.




















