O‘zbekiston | 15:49 / 20.03.2019
26282
3 daqiqa o‘qiladi

Vazir tuman hokimi qarorini bekor qildirishga erishdi

Foto: «Xs.uz»

Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta'lim maktabi yer maydoni va qo‘shimcha bino o‘quv muassasasiga qaytarildi, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati. 

«2018 yilning 20 iyunida Quva tumani hokimi maktab yer maydoni va qo‘shimcha bino inshootlarini o‘quv muassasasi rahbari qarshiligiga qaramay tuman hokimligi zaxirasiga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilgan edi. Qaror Quva tumani xalq ta'limi boshqarmasi bilan kelishilmagan holda qabul qilingan»,  —  deyiladi axborotda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 fevraldagi 122-sonli farmoyishining 1-bandida Respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan davlat ta'lim muassasalarining, xususan maktabgacha ta'lim, o‘rta-ta'lim, kasb-hunar ta'limi muassasalarining mol-mulki, bino va inshootlari hamda yer maydonlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorisiz tashkilotlarga berish yoki ta'lim jarayoniga tegishli bo‘lmagan maqsadlarda foydalanish qat'iyan man qilingan.

Shunga qaramay, Quva tumani hokimiyati yer maydoni va qo‘shimcha bino inshootlarini mahalliy tadbirkorga foydalanishga topshirgani ma'lum bo‘lgan.  

Maktab ma'muriyati Ma'muriy sudiga mazkur qarorni bekor qilish bo‘yicha murojaat qildi. Sudning birinchi instansiyasi hokimiyat foydasiga qaror chiqargan bo‘lsa, kassatsiya instansiyasi hokimiyatning qarorini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Farg‘ona viloyati  Quva tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktori N.T.Mahmudov va Farg‘ona viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i M.Turdimatov sud jarayonida Xalq ta'limi vazirligiga yordam so‘rab murojaat etgani ta'kidlanmoqda.

«Xalq ta'limi vazirligi tegishli choralar ko‘rib, Farg‘ona viloyat prokuraturasiga murojaat qildi. Vazirlik va prokuratura vakillari maktabning qo‘shimcha bino inshootlari hamda yer maydonlarini maktab ixtiyorida qoldirishda katta yordam berildi», — deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabridagi «Xalq ta'limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonning 3-bandiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari xalq ta'limi muassasalari hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta'minlashlari lozim. 

Bundan avval, aynan Quva tumani Qorashoh mahallasidagi 44-umumiy ta'lim maktabi foydalanuvida bo‘lgan sport maydoni hududiga shu yerlik tadbirkor maishiy xizmat obektlari qurishni boshlagani va bundan ta'lim muassasasi va mahalla ahli rozi bo‘lmay Kun.uz saytiga murojaat qilgani bois o‘rganish natijalarini bayon qilingandi.

Mavzuga oid