“Sizlarga nusrat va rizq berilishi – zaiflaringiz sababidandir!” (hadis)
Kuni kecha shifoxonada davolanish asnosida ikki taqdirga duch keldim. Bu taqdirlar shunchaki ikki insonning taqdiri emas, balki ko‘plab boshqa taqdirlar bilan aynan bo‘lgani bois, hamda qonunlarimiz qay darajada nomukammal ekanligini mulohaza qilganim holda ular haqida ko‘rganimni yozmoqni lozim bildim.
Birinchi taqdir
Eldorbek Mallaboyev. 30 yosh. Andijon viloyati, Jalaquduq tumanida istiqomat qiladi. Rossiyada ishlayotgan paytida ustiga og‘ir yog‘och tushib ketib, umurtqa pog‘onasi singan. Aravachaga “mixlangan”. 5 yashar bir o‘g‘li bor. Keksa otasi uning qarovchisi vazifasida.

“Qancha nafaqa olasiz?” – degan savolimga “243 ming so‘m” deb javob qildi. 243 ming so‘m!
Uning turar joyi bo‘yicha ijtimoiy ta'minot bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib so‘radim, “qonunda shuncha nafaqa yozilgan, aka, ish staji yo‘q ekan u yigitning, shuning uchun shuncha nafaqa tayinladik” – javob qildi xodim. Nima deyishni ham bilmay qoldim. Keyin o‘yladim: “bu yigit yosh oilasini ta'minlash uchun, ro‘zg‘orini but qilish uchun Rossiyaga ishlashga borgan, taqdir taqozosi bilan ko‘ngilsiz hodisaga uchragan, nogiron bo‘lib qolgan, mehnat daftarchasi tutishga imkoni bo‘lmagan – qonuniy ish staji orttira olmagan. Uning aybi nima, mehnat daftarchasi tutolmaganimi? Unga va boshqa – shu holatga tushganlarga, ya'ni ish staji orttirolmay nogiron bo‘lib qolganlarga biroz bo‘lsa-da ko‘proq nafaqa tayinlashning imkoni yo‘qmi? Axir bular ham O‘zbekiston fuqarosi, davlatidan e'tibor, yordam kutadi! 243 ming so‘mni qaysi ehtiyojiga yetkazsin?”
Ikkinchi taqdir
Suhrobbek Bekberganov. 17 yosh. Xorazm viloyati, Yangibozor tumani, Bo‘zqal'a qishlog‘ida yashaydi. Suvga sho‘ng‘iyman deb bo‘ynini sindirib qo‘ygan, qo‘l oyog‘i ishlamay qolgan, doimiy qarovga muhtoj. Bunday holatda bolaga kim qarardi deysiz – albatta, onaizor... Uning baxtiga onasi bor ekan. ONA to‘liq ojiz bo‘lib qolgan, kunu-tun qarovga muhtoj bo‘lib qolgan, o‘zi na ovqat yeya oladigan, na hojatiga chiqa oladigan ojiz jigargo‘shasiga qarab o‘tirish, buning ustiga uning ruhini ko‘tarishni o‘z egniga olganini ko‘rdim. Bolasining ahvolini ko‘rib ichidagi tilka-pora qalbini hech kimga oshkor qilmasdan, doim kulib turib o‘g‘liga qarab o‘tirardi.

















