Navro‘z ayyomi arafasida- 19 mart kuni O‘zbekistonda ilk bor Xalqaro kartoshka kuni o‘tkazildi. Shu kuni kartoshkani qayta ishlash bo‘yicha Markaziy Osiyodagi birinchi yirik korxonaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi, “Grimme” nemis kompaniyasi hamda kartoshka ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalardan biri - “Agrover” mas'uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etildi.

Keng miqyosda o‘tgan katta festival agrar sohasining vakillari, dehqon va fermerlarimiz uchun ajoyib bayramga aylandi. Kunning birinchi yarmida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimiz va xorijiy davlatlar qishloq xo‘jaligi sohasining vakillari tomonidan qiziqarli taqdimot-ma'ruzalar namoyish etildi. Mazkur anjuman chet ellik mutaxassislar va yurtdoshlarimiz o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, kartoshka yetishtirishda xorijiy hamkorlar bilan ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va erishilgan yutuqlarni namoyish etish maqsadida tashkil qilindi.

Kartoshka biz kundalik hayotda sevib iste'mol qilinadigan mahsulotdir. Uni deyarli barcha milliy taomlar tarkibida uchratish mumkin. Bejizga kartoshkani – ikkinchi non, deb atashmaydi. Biroq kartoshkadan sermahsul hosil olish oson jarayon emas. Shu sababli mamlakatimizda sifatli va hosildor kartoshka urug‘chiligini yetishtirish maqsadida katta chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Kartoshka kunida mehmonlar uchun irrigatsiya sohasi uskunalari, kartoshka qadoqlash va  sug‘orish mashinalarining ko‘rgazmasi, fermer va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun kooperatsion birja tashkil etildi. Shuningdek, kartoshka kunini yanada mazali o‘tkazish uchun “Potato Bar” burchagida ajoyib ta'mdagi lavlagi-kartoshka kokteyl, dudlangan tovuqdan kartoshka muzqaymog‘i va kartoshka frilar ulashildi.