Vazirlar Mahkamasining “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Xorazm viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va keng jamoatchilikning 2019 yil dekabr oyida Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini mamlakat miqyosida keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ko‘llab-quvvatlandi.
Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.
Tashkiliy qo‘mitaga Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, belgilangan chora-tadbirlar sifatli amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish, yuzaga keladigan masalalarni o‘z vaqtida hal etish vazifalari yuklatildi.
Xorazm viloyati hokimligi Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar doirasida:
a) O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 avgustga qadar Xiva shahridagi Ogahiy nomidagi majmua tarkibiga kirgan inshootlarni, jumladan, shoir maqbarasini ta'mirlash hamda unga tutash hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish;
b) O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda 2019-2021 yillarda Ogahiyning asarlar to‘plamini nashr etish;
v) 2019 yil dekabr oyida:
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda “Ogahiy - shoir, tarixnavis, tarjimon va davlat arbobi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda Ogahiy ijodiga bag‘ishlangan “Nazm va navo” kechasini o‘tkazish choralarini ko‘radi.
Belgilanishicha, Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar Xorazm viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Xalq ta'limi vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2019 yil dekabr oyida respublikaning barcha ta'lim muassasalarida Ogahiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy tadbirlar, davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlarning yuqori saviyada o‘tkazilishini ta'minlaydi.

















