Sport | 09:17 / 26.03.2019
19620
2 daqiqa o‘qiladi

Krishtianu Ronaldu jarohat oldi va qancha vaqtda safga qaytishi mumkinligini aytdi

Foto: Getty Images

Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Yevro-2020 saralashi doirasidagi Serbiyaga qarshi o‘yinda (1:1) jarohat oldi.

34 yoshli hujumchi birinchi bo‘lim o‘rtalarida o‘ziga uzoqdan uzatilgan to‘pga yugurib borayotib, birdan tezligini pasaytirishga majbur bo‘ldi; so‘ng zaxira o‘rindig‘i tomonga murojaat qilib, o‘zini almashtirishlarini so‘radi. Ma'lum bo‘lishicha, u o‘ng oyog‘i sonidan shikastlangan.

«Xavotir olayotganim yo‘q, o‘z tanamni bilaman. Bir yoki ikki haftada safga qaytsam kerak», – degan Ronaldudan iqtibos keltirmoqda portugal matbuoti.

Lissabondagi bahsning 31-daqiqasidan boshlab Krishtianuning o‘rnida yarimhimoyachi Pitssi o‘yinni davom ettirdi. Bu vaqtda hisob mehmonlar foydasiga 0:1 bo‘lib turgandi. Bo‘lim oxirlarida Danilo Pereyra muvozanatni tikladi. Ikkinchi bo‘limda jamoalar boshqa gol urishmadi, natijada Portugaliya milliy jamoasi Yevro-2020 saralashini ketma-ket ikkita durang bilan boshladi. Fernandu Santush jamoasi ilk turda ham o‘z uyida Ukrainani mag‘lub eta olmagandi (0:0).

Ukraina va Serbiyaga qarshi bahslar Krishtianu Ronaldu uchun Portugaliya milliy jamoasi safidagi JCh-2018dan keyingi ilk o‘yinlar bo‘ldi.

Ma'lumot uchun, «Yuventus» A Seriyaning navbatdagi turlarini «Empoli», «Kalyari» va «Milan»ga qarshi o‘tkazadi. 10 aprel kuni turinliklar YeChLning 1/8 finalining «Ayaks»ga qarshi dastlabki o‘yinini Amsterdamda o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentina milliy jamoasi sardori Lionel Messi ham jarohat olib, terma lagerini tark etgandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid