Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan «Do‘san bobo» fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Abdunazar Safarov va «Jasurbek yangi xirmon» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Risolat Lakayeva murojaat qildi. Murojaatda fermerlar tuman hokimidan qattiq noroziliklarini ifodalashgandi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Avvaliga «Jasurbek yangi xirmon» fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi vaziyatni atroflicha bayon qildi. Uning aytishicha, fermerlikka qarashli 71,6 gektar yer maydoni atrofida tut daraxtlari bo‘lgan. Tuman hokimi hech qanday tendersiz uning yerini boshqa fermerga berib yuborgan. Keyin kechasi unga qarashli yerdagi 162 tup daraxt qo‘porib tashlangan. Murojaat qilmagan tashkiloti qolmagan. Tuman hokimiyatiga murojaat qilsa, undan tezroq yerni topshirishi lozimligini talab qilishgan. Tuman hokimligi tomonidan doimiy bosim bo‘layotgani va hatto tut daraxtlari kesilmagan deb tilxat yozib berishini ham so‘rashgan.

Keyin «Do‘san bobo» fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Abdunazar Safarovning murojaatini tingladik. Ma'lumotlarga ko‘ra, fermer xo‘jaligiga tuman yer zaxirasidan tender asosida 76,9 gektar yer maydoni ajratilgan. Tumandagi 406-konturdan noqonuniy egallangan 7 gektar yer maydoni ham tuman zaxirasiga olinishida fermerlik tashabbus ko‘rsatgan.

Abdunazar Safarov

Lekin tuman rahbarligiga Ziyodulla Davlatov kelgach, ushbu fermer xo‘jaligi hududida ham tegishli tekshirish ishlari boshlangan. Uning ishtirokisiz kamchiliklar yuzasidan dalolatnoma tuzilgan. Dalolatnoma asosida fermer xo‘jaligi rahbari Xurram Safarovga tuman hokimligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini 2018 yil 3 iyul kuniga qadar o‘z xohishi bilan bekor qilishi lozimligi va aks holda iqtisodiy sudga da'vo arizasi kiritilishi ta'kidlangan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilishi esa so‘ralmagan.

2018 yilning 7 avgust kuni Qo‘mqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi fermer xo‘jaligi ishtirokisiz ishni ko‘rib chiqqan. Ish hokimiyat foydasiga hal bo‘lgan. Xo‘jalik va tuman hokimligi o‘rtasida tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasi bekor qilingan.