Hukumatning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosarlari vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament va deputat so‘rovlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti hujjatlari va topshiriqlari bajarilishi monitoringini olib boradi, shuningdek, joylarda ishlarning real holatini muntazam o‘rganadi, iqtisodiyotdagi va ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qiladi hamda shu asosda strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan kompleks takliflar ishlab chiqadi. Bunda yuklangan vazifalarni hal etishda ularning vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining maslahatchilari ular vakolatiga kiritilgan tegishli yo‘nalishlar va masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziriga takliflarning puxta ishlab chiqilishini, ekspertizadan o‘tkazilishini va tayyorlanishini ta'minlaydi, shuningdek, ushbu masalalar uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;
vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan takliflar, tahliliy va boshqa hujjatlarning, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va har tomonlama ishlab chiqilishi, shuningdek, ularni amalga oshirishning pirovard natijalari va oqibatlari uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablari so‘zsiz bajarilishini ta'minlaydilar.
Reglamentga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi hamda iqtisodiyot, ijtimoiy va ma'naviy sohaning samarali faoliyat ko‘rsatishga rahbarlik qilishni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari va o‘z qarorlari ijrosini ta'minlaydi.
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga, Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga, shuningdek, zarur hollarda Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati ko‘rsatmalarini bekor qilishga haqli.

















