Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Boshoqli don yetishtirishda klaster tizimini bosqichma-bosqich joriy etish orqali yuqori hosildorlikni ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, “Parrandasanoat” uyushmasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik xo‘jaliklari va omuxta yem ishlab chiqaruvchi va boshqa don mahsulotlariga ehtiyoji mavjud bo‘lgan tashkilotlar o‘rtasida 2019 yilda davlat ehtiyojlari uchun tuzilgan kontraktatsiya shartnomalaridan ortiqcha yetishtiriladigan boshoqli donni fyuchers shartnomasi asosida xarid qilish  hamda kelgusi yillarda yer maydonlarini ajratish orqali “g‘allachilik klasterlari”ni bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “Parrandasanoat” uyushmasi, “O‘zbaliqsanoat” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2019 yil hosilidan boshlab davlat ehtiyojlari uchun tuzilgan kontraktatsiya shartnomalaridan ortiqcha yetishtiriladigan boshoqli donni fyuchers shartnomasi asosida xarid qilish bo‘yicha tashkil etiladigan “g‘allachilik klasterlari” ro‘yxati tasdiqlanadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, 2019 yil hosilidan:

davlat ehtiyojlari uchun boshoqli don yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomasidan ortiqcha yetishtirilgan boshoqli donni fermer xo‘jaliklari tomonidan fyuchers shartnomasi asosida “g‘allachilik klasterlari”ga sotiladigan 1 kilogramm don uchun kamida 1800 so‘mdan hisob-kitob qilinadi;

fermer xo‘jaliklaridan fyuchers shartnomasi asosida boshoqli don xarid qiluvchi “g‘allachilik klasterlari” mahsulot qiymatining 60 foizigacha miqdorda (agrotexnik tadbirlar muddatidan kelib chiqib) bo‘nak mablag‘lari ajratiladi;

fyuchers shartnomasi asosida ajratiladigan bo‘nak mablag‘lari fermer xo‘jaliklari tomonidan hosildorlikni oshirish va mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish maqsadida birinchi o‘rinda mineral o‘g‘itlarga, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalariga, yoqilg‘i-moylash materiallariga hamda mexanizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi;