Bugun, 28 mart kuni «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati majlislar zalida «Toshkent shahrida Sergeli va Yunusobod metro yo‘nalishlari, poytaxtimiz atrofidagi katta halqa yo‘li bo‘ylab harakat qiladigan yer usti metrosi qurilish jarayoni, 2018 yil tahlili va 2019 yilda sohada amalga oshiriladigan ishlar»ga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda poytaxtda metro qurilishi bo‘yicha 3ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ular Sergeli, Yashnobod yer usti halqa metro yo‘llari hamda Yunusobod yer osti metro qurilishidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 noyabrdagi PQ-2664 sonli qaroriga muvofiq uzunligi 6,8 kilometr bo‘lgan Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bunyodkorlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati – 170,1 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Mazkur qarorga ko‘ra, yangi liniyani 2019 yil oxiriga qadar qurib foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. 

Sergeli metro liniyasi bugungi kungacha Markaziy Osiyoda qo‘llanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda. Ya'ni mazkur yo‘l ko‘priksimon tarzda quriladi, poyezdlar yer ustida harakatlanadi. «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati tomonidan asosiy loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra ushbu yo‘nalishdan 6 ta bekat o‘rin olgan. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida «Ko‘prikqurilish» tresti unitar korxonasining tajribali mutaxassislari tomonidan ulkan ishlar amalga oshirildi.

Bugungi kunda ushbu hududda 221 ta estakada tayanch ustunlarining loyiha-smeta hujjatlari olindi. 158 ta kotlovanda shag‘al tashlash va beton qatlami bilan tayyorlash ishlari tugatildi. 21 ta kotlovanda poydevorning rostverkni betonlash jarayoni amalga oshirildi. Shuningdek, 119 dona rigel montaj qilindi. 296 dona oraliq qurilmalari (balkalar) o‘rnatildi. Poyezdlar to‘xtash maskani, ya'ni bekatlar 5 ta vagondan iborat metro poyezdiga mo‘ljallanib qurilmoqda. Bekatlar usti yengil metall konstruksiyalaridan ishlangan ark ko‘rinishidagi karkasga o‘rnatilgan kompozit materialli yopma (naves) bilan yopiladi. Yo‘lovchilarning stansiyaga kirishlari uchun bir tomondan 3 ta eskalator va ikkinchi tomondan imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun lift o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Shu tomonda yana avariya holatlarida foydalanish uchun zinalar o‘rnatiladi. 

«Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi bosqichi qurilishi» loyihasining esa umumiy qiymati – 124,8 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Barpo etilayotgan yangi yo‘lning umumiy uzunligi 2,93 kilometrdan iborat. Loyiha «Toshkent Metroproekt» MChJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra qurilish ishlari joriy yilda to‘la nihoyasiga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu yo‘nalishda bekatlar soni 2 ta (Yunusobod va Turkiston) bo‘lib, ularning o‘rtacha oralig‘i 1,43 km. Platformalarning uzunligi 102 metrni tashkil etib, elektropoyezdlar ikki tomonlama harakatlanadi.