O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu Dabi amirligi valiahd shahzodasi Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga bilan Birlashgan Arab Amirliklarida rasmiy tashrif bilan bo‘lib qaytdi.

O‘zMTRKning «O‘zbekiston 24» telekanalida prezidentning ushbu tashrifiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv tayyorlanib, efirga uzatildi.

Abu Dabidagi prezident qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida ikki davlat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvi bilan boshlangan. Undan so‘ng ikki tomonlama imzolangan hujjatlarni almashish marosimi o‘tkazilgan. O‘zbekiston va BAA o‘rtasida qo‘shma bayonot qabul qilingan.

Mazkur tashrif haqida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

— Muhtaram prezidentimizning tashrifi tarixiy bo‘ldi. Yangi sahifa ochildi. O‘zi ikki tomonlama aloqalarimizning tarixiga nazar tashlasak, elchixonalar bor edi, diplomatlar borishardi-kelishardi, lekin aloqalarda qandaydir rivojlanish yo‘q edi. Mana, ikki yildan beri harakatlar boshlandi, ular prezidentimizning siyosatini qo‘llab-quvvatlab, o‘z ishonchlarini bildirib, ko‘ngillarini ochib, biz bilan turli sohalarda hamkorlik boshlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Bugungi kelishuvlardan kutilayotgan asosiy natijalar nimalardan iborat? Birinchidan, biz tarixiy mushtarak ildizlarga ega ikki davlat hamkorligini yangi bosqichga ko‘tardik va yangi sahifa ochdik. O‘zbekiston va BAA olib borayotgan tashqi va ichki siyosat bir-biriga juda yaqin va mos keladi.

Ikkinchidan, xalqaro maydondagi va mintqadagai masalalar va asosiy muammolarga bizning munosabatlarimiz juda yaqin.

Uchinchidan, biz yangi hamkorlikni turli xalqaro tashkilotlarda ham boshladik. BAA rahbariyati biz olib borayotgan islohotlarga juda katta e'tibor berib, chuqur ishonchini bildirishdi. O‘ndan ortiq shartnomalar imzolandi. Ularning aksariyati uzoq muddatlarga mo‘ljallangan shartnomalardir.

Biz tashqi siyosatimizga tegishli juda muhim hujjatni qabul qilib, imzoladik. Bu bizni xalqaro maydonda va tashqi siyosatimiz sohasida doimiy maslahatlashuvlarni olib borish kabi masalalardir. Qabul qilingan dasturga ko‘ra, ikki tomon kelishsa, boshqa masalalarni ham kun tartibiga kiritishimiz mumkin. Manfaatimizga tegishli qanday masalalar yuzaga kelsa, o‘shalar bo‘yicha fikr almashib, birgalashib o‘z siyosatlarimizni amalga oshirishga harakat qilamiz.