Fuqarolarning umra ziyoratiga borishga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olib “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi qo‘shimcha aviareyslar qatnovini yo‘lga qo‘yadi. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.
Poytaxt hokimligi tomonidan milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgan e'tiborga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimizda joriy etilayotgan qulayliklar aholining ko‘nglini ko‘tarayotganligi, tinchlik-osoyishtalik va bag‘rikenglik muhitiga shukronalik keltirishida muhim omil bo‘layotganligi e'tirof etildi. Xususan, fuqarolarning “Haj” va “Umra” amallarini tashkil etish masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi fuqarolarning umra ziyoratiga borishga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olib, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bilan birgalikda qo‘shimcha aviareyslar qatnovi yo‘lga qo‘yilayotganligi ma'lum qilindi.

Uchrashuvda Respublika hukumati yurtdoshlarimiz diniy ibodatlarini qulay tarzda amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratayotgani alohida ta'kidlandi.
Ma'lumot uchun: Joriy yilda O‘zbekiston bo‘yicha 16 ming fuqaro Umra ziyoratini amalga oshirgan bo‘lib, Toshkent shahridan ziyoratga 2,5 mingdan ziyod fuqaro borib kelgan.

Umra ziyorati davrida din sohasida faoliyat yuritayotgan malakali xodimlar ziyoratchilarga guruh rahbari sifatida hamrohlik qilmoqda. Ziyoratchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda, qulay sharoitga ega mehmonxonalar ajratilgan, fuqarolar uch mahal issiq taom bilan ta'minlangan va Saudiya Arabistoni Qirolligida transport masalalari to‘liq hal etilgan.



















