10:53 / 29.03.2019
74895

Yotoqxonaning 6-qavatidan tushib ketgan talaba qiz bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Toshkent davlat texnika universiteti

2019 yil 27 mart kuni soat 21:30da Toshkent davlat texnika universiteti “Konchilik ishi va metallurgiya” fakultetining 2-bosqich, 2-17 guruh talabasi Sh.U. Ziyo mahallasida joylashgan 63-son talabalar turar joyining 609-xonasida ochiq turgan deraza oynasidan 6-qavatdan pastga yiqilib tushgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, talaba Toshkent tibbiyot akademiyasi ikkinchi klinikasiga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan bosh miya ochiq jarohati, kalla asos gumbaz suyagi sinishining bo‘linib sinishi, bosh miya pardalari ostiga, to‘qimasiga qon quyilishi, bosh miya og‘ir darajada lat yeyishi, chap son suyagi ochiq sinishi, o‘ng tomondan 3, 4 va 5-qovurg‘alar sinishi, to‘sh suyagi sinishi, ikkinchi o‘pka yorilishi tashxisi qo‘yilgan.

2019 yilning 28 mart kuni soat 00:44larda Sh.U. olgan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan. 

Sh.U. (1994 yilda tug‘ilgan) tabiatan og‘ir va bosiq bo‘lgan, hech kim bilan ixtilofga bormagan, oilasida hech qanday muammolari bo‘lmagan. O‘qishda a'lo baholarga o‘qigan, xulqi namunali, talabalar orasida hurmatga ega va o‘zining faolligi bilan ajralib turgan, deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, 2019 yilning 28 mart kuni “Konchilik ishi va metallurgiya” fakulteti dekani va bir guruh professor-o‘qituvchilar talabaning Parkent tumanidagi uyiga tashrif buyurgan. Suhbat davomida qizning onasi – 1964 yilda tug‘ilgan M.A. qizida yurak yetishmovchiligi bo‘lgani, bosh miya bosimining ortishidan shikoyat qilib turganini ma'lum qilgan.

Sh.U. ustozlari va kursdoshlari hamrohligida dafn qilingan.

Top