Jahon | 15:39 / 01.04.2019
21415
2 daqiqa o‘qiladi

2018 yilda eng ko‘p pul ishlab topgan kompaniya ma'lum qilindi

Foto: Ahmed Jadallah / Reuters

Moody’s va Fitch ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yil yakunlari bo‘yicha dunyodagi eng daromadli kompaniyaga Saudiyaning Saudi Aramco’si aylandi, u yil davomida 111,1 milliard dollar ishlab topdi.

Kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlari ilgari e'lon qilinmagan, ammo bu hafta Saudi Aramco obligatsiyalar bozoriga kirayotgani tufayli ular haqida ilk bor ma'lumot berildi.

Hisobotlarga ko‘ra, Saudi Aramco’ning 2018 yilgi sof foydasi Apple, Google va ExxonMobil’ning umumiy daromadidan (mos ravishda $59,5 mlrd, $30,7 mlrd va $20,8 mlrd) ko‘p bo‘ldi hamda 111,1 mlrd dollarni tashkil etdi.

Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Saudi Aramco eng yaqin ta'qibchisi bo‘lgan Apple’ni (59,5 milliard dollar) qariyb ikki barobarga ortda qoldirdi. Samsung 35,1 milliard dollar bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Moody’s va Fitch Saudi Aramco tomonidan chiqarilishi rejalashtirilgan dollardagi obligatsiyalarni ancha yuqori baholadi: har ikki agentlik ham uni o‘z investitsion shkalasida beshinchi o‘ringa (mos ravishda A1 va A+) joylashtirdi.

Kompaniya Saudi Basic Industries Corporation (SABIC) neft-kimyo kompaniyasini sotib olish uchun yo‘naltiriladigan 10 milliard dollargacha mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Saudi Aramco Saudiya Arabistoni milliy neft kompaniyasi bo‘lib, neft qazib olish va neft zaxiralari bo‘yicha dunyoning eng yirik kompaniyasi sanaladi. 1933 yilda Saudiya Arabistoni hukumatining Standard Oil of California Amerika neft kompaniyasi bilan konsessiyaviy kelishuvi natijasida tashkil etilgan.

Mavzuga oid