Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlangan yoki xatlab qo‘yilgan mol-mulklarning elektron ma'lumotlar bankini shakllantirish, yuritish va undan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Qoidalarga ko‘ra, quyidagi organ va mansabdor shaxslar mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash (xatlashi) va taqiqni bekor qilish (xatlanganligini olib tashlash) vakolatiga ega:

sud (sudya);

prokuror;

tergovchi;

surishtiruvchi;

davlat ijrochisi;

notarius.

Sud (sudya), prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, davlat ijrochisi tomonidan mol-mulkni xatlash, xatlanganligini olib tashlash to‘g‘risida chiqarilgan ajrimda (qarorda) quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:

mol-mulk mulkdori jismoniy shaxsning – familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, yashash joyi va pasport ma'lumotlari, agar mol-mulk mulkdori yuridik shaxs bo‘lsa – nomi, davlat ro‘yxatidan o‘tgan joyi va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;

mol-mulkni mulkdorga tegishliligini tasdiqlovchi hujjatlarning nomi, kim tomonidan berilganligi, ro‘yxatga olish yoxud boshqa raqamlari hamda mazkur hujjatga doir ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan boshqa rekvizitlar (ko‘chmas mulkning – kadastr raqami, joylashgan joy, ko‘char mulkning – transport vositasini rusumi, davlat raqami va transport vositalarini ro‘yxatga olish guvohnomasi ma'lumotlari), mulkdorga tegishli barcha mol-mulklar xatlangan hollar bundan mustasno;

mol-mulk xatlangan sana;

agar xatlov muayyan davr uchun qo‘yilgan bo‘lsa, mazkur davrning boshlanish va tugash vaqti.

Elektron taqiq ma'lumotlar banki davlat tilida shakllantiriladi va yuritiladi.

Sud (sudya), prokuror, tergovchi, surishtiruvchi qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkni xatlash va xatlanganligini olib tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilganda, uni ikki ish kuni ichida kuzatuv xati bilan bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda mol-mulk joylashgan (ro‘yxatdan o‘tgan) joyidan qat'i nazar, istalgan davlat notarial idorasiga yuboradi.