31 mart kuni Superligada 2-tur o‘yinlari yakunlandi. Kichik tanaffusdan so‘ng davom ettirilgan chempionatning ikkinchi turi qiziqarli kechdi. Toshkent va vodiyda derbilar qiziqarli kechdi. «Nasaf», «Metallurg», «Lokomotiv» va «Surxon» mavsumdagi ilk g‘alabalarii qo‘lga kiritishdi. Server Jeparov yana O‘zbekiston chempionatida gol urganini ham ta'kidlash kerak. Quyida 2-turning qiziqarli voqealarini eslaymiz.
«Kavkazcha poxtaxt derbisi»ni yutgan «Paxtakor» Toshkentni «o‘ziniki qilishda» davom etadi
Turning markaziy bahsi Toshkentda o‘tkazildi. «Paxtakor» stadionida «Bunyodkor» rasmiy mezbon sifatida stadion egasi «Paxtakor» bilan o‘ynadi. Bu o‘yinga bejizga «kavkazcha derbi» deb nom bermadik. Chunki jamoalardan birini gruzin, birini arman millatiga mansub murabbiylar boshqarishini bilasiz. Ikki kuchli murabbiyning jamoalari chiroyli o‘yin bilan muxlislarni xursand qilishdi.

Bu bahsda «Paxtakor»ning yaqqol ustunlik qilishi kutilgandi, biroq yosh futbolchilardan iborat «Bunyodkor» kuchli raqibiga yaxshi qarshilik ko‘rsatdi. «Qaldirg‘ochlar» Abramov yoqtiradigan to‘pni nazorat qilishga asoslangan uslubda o‘ynashga intilib, chiroyli o‘yin ko‘rsatishdi. Shota Arveladze o‘yindan keyin avvalo raqibning chiroyli o‘yinini maqtagani ham bejizga emas.
«Paxtakor» hamshahari jiddiy qarshilik qilgan bo‘lsa-da, salobat bilan g‘alaba qozondi. Doston Hamdamovning golidan so‘ng hisob kattalashib ketgani kutilgandi, ammo «Bunyodkor» burchak to‘pidan so‘ng hisobni tenglashtirdi. Sherzod A'zamov va Marko Simichning yo‘qligi sabab Arveladze markazda Vladimir Kozakni o‘ynatdi. Markazda sof markaziy o‘yinchining yo‘qligi sabab «Paxtakor» burchak zarbasidan so‘ng gol o‘tkazib yubordi. Umidli futbolchilardan biri Mirjahon Mirahmadov mamlakatning ayni damdagi eng kuchli jamoasiga gol urganini ta'kidlasa bo‘ladi.
«Paxtakor» hisob durang bo‘lgach, yana bosimni oshirdi va g‘alaba golini urdi. Hal qiluvchi golda Jaloliddin Masharipov va Dragan Cheran katta sahnaga chiqishdi. Jalol yana super to‘p uzatishni amalga oshirdi, Cheran esa bosh bilan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Shu tariqa birinchi turda «Lokomotiv»ni mag‘lub etgan «Paxtakor» ikkinchi turda yana bir derbida «Bunyodkor»ni taslim qilib, Toshkentni «o‘ziniki qilishda» davom etdi.
Guja to‘purarlikni boshlab yubordi
2-turning ochilish o‘yini Navoiyda o‘tkazildi. Mahalliy «Qizilqum» o‘z maydonida OKMKni qabul qildi. Bu bahsda O‘zbekiston Kubogining amaldagi sohibi OKMKning imkoniyatlari yuqoriroq deb qaralayotgandi, chunki olmaliqliklar Mirjalol Qosimov murabbiyligida Osiyo Chempionlar Ligasi saralashida ham tajriba orttirishgandi. Biroq OChL saralashidagi va O‘zbekiston Superkubogi uchun o‘yindagi mag‘lubiyatlar Qosimov jamoasining kayfiyatiga hamon salbiy ta'sir qilishda davom etayotgan ko‘rinadi.






















