O‘zbekiston | 15:52 / 03.04.2019
14992
3 daqiqa o‘qiladi

To‘rtta notarial harakat uchun audio va videoyozuvni qayd etish qoidalari belgilandi 

Foto: Shutterstock

To‘rtta notarial harakat uchun audio va videoyozuvlarni qayd etish, shuningdek bunday elektron fayllarni saqlash qoidalari belgilandi, deb yozmoqda Norma.

Eslatib o‘tamiz, quyidagi hollarda notarial harakatlarni audio va videoyozuvlarga qayd etish majburiy sanaladi:

• vasiyatnomalar notarial tartibda tasdiqlanganda;
• notarial harakatlar notarial idora binosidan tashqarida bajarilganda;
• fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi, savodsizligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga ko‘ra bitim, ariza yoki boshqa hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, uni uning topshirig‘iga ko‘ra uning hozirligida boshqa fuqaro imzolaganda;
• murojaat etuvchining jismoniy nuqsoni (barmoqlarning yo‘qligi, barmoq izlari yo‘qolganligi va boshqa) sababli maxsus moslamalarda ularning barmoq izlarini skaner qilish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda.
 
Qabul qilingan hujjat bilan audio va videoyozuvlarni qayd etish qoidalari belgilandi. Xususan, notarius va notarial harakatni amalga oshirishda ishtirok etuvchi shaxslar tasvirga to‘liq tushirilishi shart. Bunda notarius qanday turdagi notarial harakat amalga oshirilayotganligi, uning mazmuni va ahamiyatini ovoz chiqarib taraflarga tushuntirib berishi kerak. Yozuvda taraflar hujjat matni bilan to‘liq tanishganligi, ularning asl maqsadiga muvofiqligini tasdiqlashlari lozim. Shuningdek imzolash hamda barmoq izlarini «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimida (bundan keyin – Tizim) skaner qilish jarayoni qayd etilishi lozim.
 
Audio va videoyozuv fayli Tizim tomonidan berilgan reyestr raqami bilan nomlanadi. U elektron axborot tashuvchi jismlarda saqlanadi. Yil yakunida audio va videoyozuvlar fayllari nusxalari DVD disklarga yoziladi hamda notarial idoraning temir javoni yoki seyflarida alohida paketlarda saqlanadi.
 
Notarius ishdan bo‘shaganda yoki boshqa ishga o‘tkazilganda DVD disklarda saqlanayotgan fayllar tekshirib ko‘rilgan holda yangi tayinlangan yoki vazifasi yuklatilgan notariusga dalolatnoma asosida topshiriladi.
 
Hujjat 2.04.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid