Ertaga, 9 aprel kuni Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichining 3-turi doirasida «Paxtakor» Qatarning «As-Sadd» klubini qabul qiladi. Bugun o‘yin oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, uning birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Jyezualdu Ferreyra va himoyachi Pedro Migel ishtirok etdi.

«Men ikkinchi marta O‘zbekistonda bo‘lib turibman. Ertaga bizni juda qiyin o‘yin kutib turibdi. Stadion va maydon holati ajoyib ekanini ko‘rdim. Bu yerga faqat g‘alaba uchun kelganmiz», – degan Ferreyraning o‘yinoldi dastlabki fikrlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

«Ertaga kuchli raqibga ro‘baro‘ kelamiz. O‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganmiz. Bu yerga uch ochko olish uchun keldik. Dohadagi javob o‘yini ham qiyin o‘tishi tayin. Ertangi o‘yindagi g‘alaba biz uchun juda katta ahamiyatga ega», – dedi Pedro Migel.

– Jamoa o‘tgan hafta Qatar chempioni bo‘ldi. Bu holat futbolchilarda chalg‘ishni keltirib chiqarmaydimi?

Image

– Ha, chempionlikka erishganimizdan juda xursandmiz. Bu bizga ko‘proq motivatsiya va ishonch beradi. O‘tgan yili [«Nasaf» bilan o‘yin uchun – tahr.]bu mamlakatga kelganimizda uch kun oldin chempionatdagi muhim o‘yinda mag‘lubiyatga uchrab kelgandik. Bu yil jamoaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ancha yuqoriroq.

– O‘yin uchun qanday rejani tanlagan ma'qulroq – himoyaviymi yoki hujumkor?
– Bu savolga javob berish juda oson. Futbolda ikki muhim jihat bor – to‘p bilan va to‘psiz qanday o‘yin ko‘rsatish. Biz o‘zimizning kuchli jihatimizni bilamiz – bu to‘p nazorati. Jamoamiz to‘pga egalik qilganda ancha kuchli o‘yin ko‘rsatadi. Ertangi raqibimiz «Paxtakor» ham to‘p ularda bo‘lganda juda yaxshi o‘ynaydi. To‘p bilan va to‘psiz qolganda balansni topa olgan jamoa natijaga erishadi. Men uchun muhimi – jamoadagi barcha futbolchilar jismoniy jihatdan tayyor bo‘lishlari.

– (savol Pedru Migelga) Ertaga jamoa Qatar chempionligiga erishganidan keyingi birinchi o‘yinini o‘tkazadi. Bu g‘alaba ertangi o‘yinda jamoaga qanday qo‘l kelishi mumkin?
– Bosh murabbiyimiz aytib o‘tdilar, chempion bo‘lganimiz bizga qo‘shimcha ishtiyoq beradi. Ana shu motivatsiya g‘alaba qozonishimizga yordam beradi.