Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Kremlda muzokaralar olib bordi. Ikki davlat rahbarlari nimalar borasida kelishib olishgani haqida Kun.uz sharhida o‘qing.
"Akkuyu" AESi va "Turk oqimi"
Rossiya prezidenti Turkiyadagi "Akkuyu" atom elektr stansiyasi qurilishini ikki mamlakatning energetika sohasidagi muhim loyihalardan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AESning birinchi bloki 2023 yilda, Turkiya Respublikasining yuz yillik yubileyiga ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Putin shuningdek, "Turk oqimi" gaz o‘tkazgichini ishga tushirishga tayyorgarlikka ham e'tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, gaz o‘tkazgich shu yil ishga tushishi uchun Turkiyaning Qora dengiz sohilidagi qabul terminali qurilishini yakunlash lozim.
Erdo‘g‘an "Turk oqimi"ning quruqlikdan o‘tadigan qismi yil oxirigacha qurib bitkazilishini bildirdi.
Rossiya va Turkiya prezidentlari gaz narxini ham muhokama qilishdi. Putin Anqara ma'lum bir narxni aytayotganini, "Gazprom" esa gaz narxini bozordan kelib chiqib belgilashini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Turkiya bozorini qadrlaydi va shu bois bu borada umumiy qarorga kelinadi.
Iqtisodiy hamkorlik
Putin Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi savdoni kengaytirish rejalari haqida ham so‘z yuritdi. Uning fikricha, hozirda mavjud cheklovlarni bekor qilish bunga yordam beradi.
U turk investorlarining Rossiya bozoriga qiziqishi haqida gapirar ekan, Turkiya Tatariston iqtisodiyotiga ikki milliard dollarga yaqin investitsiya kiritganini aytdi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi qariyb 16 foizga o‘sgan va 25,5 milliard dollardan oshib ketgan.
Harbiy hamkorlik
Rossiya prezidenti harbiy sohadagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligini qayd etdi.
"Birinchi o‘rinda gap S-400 "Triumf" zenit raketa tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani amalga oshirish haqida bormoqda", — dedi Putin.
U shu bilan birga Turkiyaga harbiy mahsulotlar yetkazib berish bo‘ycha boshqa loyihalar ham borligini ta'kidladi.
















