Tilşunos professor bilan intervyu: til millatning közgusidir
|00:40 / 11.04.201926 84225 min
«Buyuk Kelajak» guruӽi eksperti, Janubiy Koreyaning Pusan çet tillar universiteti professori, amaliy tilşunoslik fani doktori Azamat Akbarov öz intervyusida Özbekistonda ilm-fanga munosabat, ta'lim tizimi muammolari va tilşunoslikka e'tibor ahamiyati haqida sözladi.
— Tilşunos sifatida tilning millat, davlat va jamiyatga ta'sirini qanday tavsiflagan bölardingiz?
— Til bu madaniy hodisadir; şuning uçun har mamlakatning merosi uning tiliga boğliq. Ma'lumki, bugungi ingliz tili xalqaro muloqot tili hisoblanadi, u hayotimizning har bir jabhasiga kirib borgan va siyosiy hamda iqtisodiy masalalarni hal etişni osonlaştiradi, desak adaşmagan bölamiz. Biroq tilşunos sifatida öylaşimça, har bir mamlakat öz tilini saqlab qolişga harakat qilişi kerak, çunki aynan til uni öziga xos qiladi va boşqa mamlakatlardan ajratib turadi. Biz köp tilli dunyoni saqlab qolişni istar edik, çunki har bir tilni örganişimiz bilan biz yangi bilimlarga ega bölamiz, Gyote şunday degan: «Inson neçta til bilsa, u şunça marta odamdir». Boşqa tarafdan esa bugungi kunda dunyo aholisining katta qismi sözlaşadigan ingliz tilini bilişga yetarliça baho bermaslik ham töğri emas, çunki u iqtisodiyotning rivojlanişiga yordam beradi. Bu esa öz navbatida millat, mamlakat va umuman jamiyat rivojlanişiga yordam körsatadi. Inson, eng avvalo, muloqot qiluvçi zotdir, şu bois, fikrimça millatlarning tilini unutmaslik zarur, biroq rivojlanişimiz va komil bölişimiz uçun bir-birimizni tuşuniş qobiliyatiga ega bölişimiz şart. Butun tarix davomida mamlakatlar köpgina masalalarni yeçiş uçun bir-biriga ehtiyoj sezgan va umumiy til ularning özaro muloqotini amalga oşiriş imkonini bergan.
Tilning millat, davlat, jamiyat taraqqiyotidagi örni juda muhim, öta zaruriy va dolzarb deb izohlagan bölar edim. Zero, bu tuşunçalar özaro dialektik boğliq va özaro aloqador tuşunçalardir. Millat, davlat, jamiyat taraqqiy qilar ekan, uning tili va tilşunosligi taraqqiy qilib boradi. Davlat, jamiyatdagi özgarişlar birinçi navbatda tilda, xususan, uning leksikasida – luğat boyligida öz aksini topadi. Modomiki, til ijtimoiy xarakterga ega ekan, ijtimoiy hayotdagi taraqqiyot tildagi taraqqiyotni belgilab beradi. Va öz navbatida til va tilşunoslikning taraqqiyoti jamiyat, davlat taraqqiyotiga öz ta'sirini körsatadi... Buning isbotini bugungi kundagi dunyo manzarasidan topiş mumkin – qaysi mamlakatda – jamiyatda tinçlik, farovonlik hukm surayotgan bölsa, şu yerda til va tilşunoslik taraqqiy qilyapti va buning aksi bölgan mamlakatlarda til va tilşunoslik rivoji haqida fikr yuritiş amrimahol.
Qolaversa, til, avvalo, millatni millat qiluvçi vosita, u millatning közgusidir. Zero, tilimizda bizning qiyofamiz, ma'naviyatimiz aks etadi, til millat vakilining ma'naviyatini namoyon qiladi. Mustaqillik davrining eng uluğ imkoniyat va ne'matlaridan biri bu özbek tilining öz yerida obro‘, e'tibor topişi, Davlat tili maqomini olişidir. Bugungi kunda özbek tili milliy mafkuramizning tarkibiy qismlaridan va mustaqilligimizning boş belgilaridan biri bölib qolmoqda.
Mavzuga oid
— Bir emas, bir neça çet tillarini mukammal bilasiz. Bu tuğma qobiliyatmi yoki maşaqqatli mehnat mahsuli? Til örganuvçilarga qanday maslahatlar bera olasiz?
— Çet tilini örganiş «yaxşi taassurot qoldiradigan» tarjimai holga ega böliş yoki sayohat qilişda qöl keladigan vositadan ham jiddiyroq ahamiyatga ega. U sizni aqlliroq, tez qarorga keluvçi insonga aylantiradi va hatto suhbat olib boriş qobiliyatingizni oşiradi. Psixologik tadqiqotlar ham ikki va undan ortiq tilda sözlaşiş afzalliklarini namoyon etmoqda. Ikki tilni biladigan odamning miyasi bir tilda sözlaşadigan odamnikidan boşqaça işlaydi. Fransuz tili men örta maktabda örgangan dastlabki çet tili böldi, va 9-sinfga kelib ingliz tilini örganişni boşladim. Men dars vaqtining eng kamida olti soatini suhbatlaşiş, intervyu oliş metodlarini örganiş, öqiş va taqdimotlar tayyorlaş bilan ötkazar edim. Har kuni turli kitoblarni öqirdim. Ba'zan kişi xayolini butun olam unga qarşi fitna uyuştirgan va çet tilini örganiş sening peşonangga yozilmagan degan fikr qamrab oladi. Umidsizliklar vaqt ötgan sari yöqoladi, muhimi, til örganişga bölgan xohişni yöqotmasdan örganişda davom etiş zarur. Çet tilini muvaffaqiyatli örganganlar ham bunday öy-xayollar bilan kuraşadi — çunki şaxsan özim bir köp tillarni örganiş jarayonida buni boşdan keçirganman. Men har kuni biror işni bajarişni qoida qilib olgandim. Örganişni boşlagan vaqtdan muttasil sözlaşiş juda muhim va şuning uçun men nisbatan qisqa muddat içida boşqa tilda benuqson sözlaşiş darajasiga yetdim. Boşqa tilni örganişni boşlaşdan oldin, undan oldingi tilda yuqori darajaga erişişga harakat qildim — şu tarzda men şunçalik köp tillarni örganişga muvaffaq böldim. Afsuski, bugungi kunda qöllanayotgan ba'zi til örgatiş metodlari talabalarning vaqti va pulini behuda sarflaydigan maşğulotlar, xolos. Til öqituvçilari çet tilini örgatişda adabiyotni öqiş va grammatik qoidalarni batafsil tahlil qilişga emas, balki köproq suhbatlaşiş könikma va malakalariga alohida e'tibor berişlarini xohlar edim. Bunday darslarda öqiş va yozişga asosiy e'tibor qaratiladi, sözlaşuv va tinglab tuşunişga juda kam yoki umuman izçil e'tibor berilmaydi.
— Bugungi kunda taxminan 6000ga yaqin til bölib, faqatgina 100ga yaqini adabiy va milliy til maqomiga ega. Sizning fikringizça, adabiy til statusiga ega tillar qanday imtiyozlarga ega?
— Adabiy til bu tilning eng maqbul va sof versiyasi hisoblanadi. Odatda, bu til aholining asosiy qismi sözlaşadigan til emas, çunki odamlar doimo uning turli körinişlarini kaşf qilişadi, biroq adabiy tilning ustunligi şundaki, u hujjatlaştiradi, boşqaça qilib aytganda, şeva bir avlod tarafidan qöllanilib boşqa avlod tarafidan unutilganda, adabiy til saqlanib qoladi. Til şevalari mahalliy aholi guruhlariga xos bölib, yozma şaklda saqlanmasdan oğzaki ravişda ötib boradi.
Bugun yer yuzida olti mingga yaqin til va lahja bölsa, ulardan bor-yöği yuzga yaqini davlat tili maqomiga ega. Ular orasida özbek tili ham borligi bizning baxtimiz, faxrimizdir. 1989 yil 21 oktyabrda, ya'ni hali sobiq tuzum mavjud bir paytda «Davlat tili töğrisida»gi qonunning qabul qilinişi özligimizni anglaş yölidagi ulkan jasorat bölgan edi. Şunga köra, Özbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida özbek tilining davlat tili sifatida huquqiy maqomi aniq belgilab berildi. Şu tariqa, özbek tili mustaqil davlatimizning bayroği, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yöli bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi.
Özbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 30yil töldi, afsuski özbek tili hali ham har tomonlama taraqqiy qilolmadi, davr va texnologiya talabiga monand ravişda töla rivojlana olmadi. 21 asrning özgarişlarini yoritiş, tahlil qiliş talabiga köra özbek tilşunosligi fani doimo özgarişda, rivojlanişda bölişi kerak edi, lekin buni qay darajada bajara oldi? Zero, barça davrlar mobaynida özbek tilşunosligining asosiy vazifasi adabiy tilning şakllaniş, rivojlaniş va takomillaşiş yöllarini, bunda amal qiladigan qonuniyatlar, sabab va imkoniyatlarni tahlil va tadqiq qilişdan iborat bölişi kerak edi.
Qarangki, dunyo xalqlari tarixini, ayniqsa, 20 asrdagi, kuzatar ekanmiz, ne ajabki, ularning köpçiligi öz milliy mustaqilligi uçun kuraşni öz ona tiliga davlat tili maqomini beriş uçun kuraşişdan boşlaşgan. Xususan, Hindiston, Pokiston, Bangladeş kabi Angliyaning, Afrikadagi Fransiyaning, Amerikadagi Ispaniyaning mustamlakalari bölgan davlatlarda mustaqillik yölidagi dastlabki kuraş aynan öz ona tiliga davlat tili maqomi beriş uçun kuraşlardan boşlangan. Ammo, afsuski, ularning barçasi ham hali-hanuz öz niyatiga erişgan emas. Hozirgaça ham ayrim davlatlarda ingliz, ispan, fransuz va portugal tillari davlat tili hisoblanadi.
— Bugungi kunda köpgina yoşlarning çet tillarni örganişi normal hodisa hisoblanadi, özbek tilini örganayotgan çet elliklarga qanday maslahatlar bergan bölardingiz?
— Özbek tili oddiy til emas, u agglyutinativ tillardan biri bölib xuşmuomalalikning turli şakllariga egadir. Bu til boşqa tillarda mavjud bölmagan grammatik elementlarga egadir. Şuning uçun uşbu tilni örganayotganlar turli qiyinçiliklarga duç kelişlari mumkin. Çunki, uni özlaştiriş asnosida ular nutqning butunlay yangi qirralari bilan töqnaş kelişadi. Biroq bu bilan ular umidsizlikka tuşmasligi zarur, har qanday tilni örganiş mumkin va özbek tilini örganiş yangi hamda qiziqarli madaniyat bilan tanişişni, boy leksikani örganişni bildiradi. Avvalgi fikrimga qaytib, şuni aytişim kerakki, örganayotgan tilda suhbatlaşiş uni özlaştirişning eng yaxşi usulidir, men özbek tilini örganayotgan çet elliklarga Özbekistonga kelişni taklif qilgan bölardim, bu yerda ular tabiiy gözalliklarini körib, ajoyib madaniyatlardan biri bilan tanişiş va uning xuşmuomala xalqi bilan tanişişlari mumkin. Bularning barçasi tilni örganiş uçun muhimdir.
Söngi 2 yil içida Özbekistonning jahon hamjamiyati bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalari tobora kengayib bormoqda. Yurtimizdagi investitsiya uçun yaratilgan qulay şaroitlar sababli tadbirkorlar, bankirlar, dunyo sayyohlari uçun eng qiziqarli mamlakatlardan biriga aylanib bormoqda. Mana yaqinda internetda nufuzli sotsiologik tadqiqot markazlarining xulosalari asosida dunyoning borib köriş zarur bölgan eng jozibali 50ta şahari e'lon qilindi. Bu röyxatda Samarqand şahri eng oldingi örinlarda turibdi. Şunga köra, dunyo xalqlari orasida özbek tilini örganişga ehtiyoj va e'tibor ortişi mumkin. Yaponiya, Xitoy, Koreya yoşlarining özbek tiliga bölgan qiziqişlari va imkoniyatlari kuçli, ular sof özbek tilida nutq tuziş imkoniyatiga ega. Garçi AQŞ va Yevropa yoşlari, slavyan xalqlari vakillari özbek tiliga xos bölgan spetsifik tovuşlarni töliq va töğri talaffuz qila olmasalar-da, ularda ham özbek tilini örganişga ehtiyoj kuçli. Ularning köpçiligi Özbekistonga kelib ta'lim olişi mumkin, lekin buning uçun Ӯzbekistonda oliy ta'limni rivojlantirişimiz kerak. Şuningdek, 10dan ortiq - AQŞ, Koreya, Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Ukraina, Rossiya, Ozarboyjon kabi xorijiy universitetlarda ham özbek tili fan sifatida «Şarq tillari» kafedrasidagi fanlar sirasida öqitiladi. Özbek olimlar bu ta'lim maskanlari bilan hamkorlik qilib, özbek tili böyiça darslik va öquv qöllanmalarini yozişni boşlaşlari kerak.
— Çet tilini örganişda qanday yondaşuvlarni taklif qilgan bölardingiz?
— Men bevosita til örgatiş usuli bilan birgalikda çet tilini kommunikativ örganiş usulini taklif qilgan bölardim. Uşbu ikki yondaşuv asosan örganilayotgan tilda sözlaşişni nazarda tutadi, bu, fikrimça, çet tilini özlaştirişda asosiy ahamiyatga ega. Grammatikani örganiş muhimdir, biroq örganuvçi butun grammatikasini bilişi lekin sözlay olmasligi mumkin, şuning uçun men uşbu ikki nazariya tarafdoriman, çunki ular örganayotgan tilni sinfda örganişga kömaklaşadi. Sinfdagi ötkazilgan köpgina darslar kuzatuvi jaryonida şu narsa aniqlandiki, öquvçilar qoniqişini namoyon qilganlar, çunki ular çet tilida sözlaşiş qobiliyatini özida his qilganlar. Albatta, bu narsa boşida qiyin iş, biroq qunt bilan mehnat qiliş öz mevasini berişi aniq. Şunday qilib, siz çet tilini sinfda örganasizmi yoki uning taşqarisidami, uşbu ikki yondaşuv eng yaxşi natijalarga olib keradi.
— Özgarişlar jadal sur'atlar bilan amalga oşayotgan dunyoda yaşaşimizni hisobga olsak, ta'limning qaysi turini tavsiya qilgan bölardingiz?
— Muqobil maktablar va uydagi ta'lim talabalarning özini özi rivojlantirişga kömak körsatadi va öquvçiga yönaltirilgan hisoblanadi. Ular örganuvçilarga olamni örganiş uçun yetarliça joy taqdim qiladi, ya'ni ular qiziqqan narsasini istagança örganişlari mumkin. Biroq bunday ta'limnnig ayrim kamçiliklari mavjud. Uyda örganiş öquvçini jamiyatdan ajratib qöyadi va kelgusida uning hayotida ijtimoiy muammolarni keltirib çiqarişi mumkin. Muqobil mamlakatlar öquvçilarga tanlovda şunday kengliklar yaratişi mumkinki, ular ta'limning asosiy joylarini ötkazib yuborişlari mumkin. Texnologiyalar tez sur'atlar bilan rivojlamoqda va bu ta'limga katta ta'sir körsatmoqda. Masofali ta'lim, IKT vositalaridan foydalaniş, bugungi kunda daftar va kitoblarning örnini bosayotgan ba'zi elementlar hisoblanib bugungi kunda ta'lim jarayonida foydalanib kelinmoqda. Boşqa tarafdan şunday maktablar borki, ular ta'lim uçun boşqa muhitni taklif qiladi va maqsadlarni közlaydi. Men bir ta'lim şakli boşqasidan yaxşiroq deya olmayman, çunki ularning hammasi agar töğri va oqilona qöllanilsa, foyda keltirişi mumkin. Texnologiyalarni suiiste'mol qiliş mumkin emas, talabalar özlariga qiziqarli masalalarda qarorlar qabul qilişda iştirok etişlari kerak, ta'lim rağbatlantirilişi lozim, töliq şaxs sifatida şakllaniş uçun amaliy bilimlarga ega bölişlari lozim.
— Fikringizça, bugungi kunda olimlar tilning qaysi bölimini tadqiq qilişlari kerak?
— Tilning barça tamoyillari bir xildek muhimdir va ularning hammasi örganilişi şart, çunki heç bir til töliq örganib çiqilmagan va unda doimo qandaydir yangi qirrasi çiqadi va u oçilişi kerak. Men ayniqsa tilni özlaştiriş va toifalaştirişda kognitiv tamoyillarni örganişga qiziqaman. Fikrimça, miya va uning til bilan boğliqligi yaqin bir neça yillardagi tadqiqotning asosiy obektiga aylanadi, çunki bugungi kunga qadar qilingan kaşfiyotlar ajabtovur hisoblangan. Şuningdek, yangi va oxirgaça örganilmagan sohalardan biri bu neyrolingvistika hisoblanadi. Miya sirli bir narsa hisoblanadi va agar uni til bilan körib çiqadigan bölsak hali javobi topilmagan köpgina savollar tuğiladi. Şuning uçun tilşunos olimlar tilni qanday idrok etişimiz, qanday suhbatlaşişimiz, grammatikani qanday örganişimizni tadqiq qilişlari kerak. Texnologiyalarning rivojlanişi bilan yaqin yillarda uşbu hodisalarning mohiyatini çuqur bilib olsak, ajab emas. Bugungi kunda barça tilşunoslar şu narsada yakdilki, odamlar sözlaşadigan tilni biliş bu abstrakt predmetni bilişdir. Bunday bilim konkret tovuşlar, sözlar va jumlalarni bilişdan köra ovoz çiqarib aytişning va tovuşlar köllanilişining qoidalarini, yöllarini va usullarini biliş hisoblanadi. Bu tilga nima tegişli va nima tegişli emasligini bilişdir, nimani aytsa böladi va nimani aytsa bölmaslikni bilişdir. Bu avval eşitmagan jumlalarni qanday tuşunişimizni tuşuntirib beradi va boşqalar grammatik jihatdan notöğri ekanliklarini rad qilişni körsatadi. Odamlar orasida bir tilda muloqot qiliş qaçon mumkin, qaçonki ular uşbu tilni özaro tuşunişsa; biroq uşbu til ular tarafidan qanday tuşunilişi, qanday özlaştirilişini tuşuniş murakkab masaladir. Albatta, bu yerda psixologik, ijtimoiy va genetik omillar muhim örin egallaydi. Til umumiy foydalaniş predmeti hisoblanadi va bir vaqtning özida abstrakt mohiyatga ega. Alohida odamlar doimo tildan foydalana oladilar va uni töğri foydalaniş orqali namoyon qila oladilar. Körib turganimizdek, «töğri qöllaş» konsepsiyasiga juda keng qamrovli könikma va harakatlar kiradi.
— Fikringizça, tilning qaysi jihati örganilişi kerak – nazariymi yoki amaliy?
— Amaliyot nazariyasiz ahamiyatga ega emas, nazariya esa amaliyotsiz abstrakt bölib qoladi. Uşbu jihatning ikkalasi ham muhim hisoblanadi. Tadqiqot markazida tilning miyada şakllanişi va toifalanişi bölişi kerak. Texnologiyalar rivojlanişi bilan til özlaştirilişining amaliy jarayonini miyada nima yuz berayotganini örganiş imkoni tuğiladi. Şuningdek, til örganiş tabiatiga nisbatan va uning sözlaşuvçilar bilan boğliqligiga nisbatan qator savollar tuğiladi. Biroq til sohasi ulkan va asosiy qismi örganilmagan hisoblanadi, şuning uçun har bir kaşfiyot til tadqiqoti sohasiga qöşilgan ulkan hissa böladi.
— Boşqa mamlakatlarning ham ta'lim tizimini puxta bilgan mutaxassis, ekspert sifatida aytingçi, Özbekiston ta'lim tizimining yutuq va kamçiliklari nimalardan iborat?
— Oliy ta'lim siyosati umr böyi ta'lim olişning kalitidir va bu fikr köplab mamlakatlarda yoşi katta aholi sonini tobora oşayotgan şaroitda alohida ahamiyat kasb etadi. Tinmay rivojlanib borayotgan global iqtisodiyot şaroitida iqtisodiy raqobatni ilgari suriş asosiy omillardan biridir. U ijtimoiy yakdillik va farovonlikka olib keladi. Dunyo mamlakatlarida oliy ta'lim muassasalari global raqobatga doş beradigan könikma va malakalar tadqiqotlar asosini olib boriş va jamiyat foydasi uçun bilimlar berişini takomillaştiriş zarurati kundan-kunga oşib bormoqda. Sönggi ikki yil içida Özbekiston oliy ta'lim tizimida ulkan ijobiy özgarişlar sodir böldi. Şunday bölsa-da, hali özbekistonliklarga mehnat bozoriga kerakli kasb könikmalarini örgatiş hamda tadqiqotlar va innovatsiyalar orqali iqtisodiy rivojlanişga yordam beriş borasida bajarilişi lozim bölgan işlar köp. Keyingi ikki yil içida oliy ta'lim tizimida mamlakat iqtisodining boşqa sohalariga mos ravişda bir qator özgarişlar sodir böldi. Öqitiş dasturlari qayta körib çiqilişi, ularga özgarayotgan mehnat bozori şaroitlarini hisobga olgan holda özgartirişlar kiritilişi lozim. Bundan taşqari, yangi ta'lim resurslari, asosan darslik kitoblar özbek tiliga tarjima qilinib, eski adabiyotlarning örniga joriy qilinişi lozim.
— Özbekiston Oliy va örta maxsus ta'lim vazirligi oliy ta'limni internatsionalizatsiyalaştirişni ustuvor vazifa qilib belgilaşi lozim. Universitetlarga uzoq muddatga möjallangan loyihalarni işlab çiqişda avtonom mustaqillik berilişi lozim, çet ellardan mutaxassislarni taklif qiliş uçun vazirlikdan ruxsat oliş uçun yoki xalqaro konferensiya taşkil qiliş uçun oylab kutib turiş kerakligini bir tasavvur qilib köring. Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyev bir qator iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar boşlaşi evaziga Özbekiston dunyoga öz eşiklarini oçayotgan bir vaqtda bunaqa holatlar bölmasligi lozim deb öylayman. Biz milliy ta'lim dasturlarimizning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinişi, dunyo böylab sifatli ta'lim oliş imkoniyatini oşiriş, milliy ta'lim tizimi sifatini yanada yaxşilaş hamda kredit töplaşga asoslangan tizimni barpo qiliş va Özbekiston oliy öquv yurtlari bitiruvçilari diplomiga Yevropa Ittifoqi qöşimça sertifikati qöşib beriş yöli bilan talaba va öqituvçilarning ta'lim mobilligini oşirişga erişişimiz lozim. Biz sifatli ta'lim oliş imkoniyatlarini paydo qilib inson kapitalini rivojlantiriş yöli bilan ta'limning raqobatbardoşligiga e'tibor berib, uni kuçaytirişimiz lozim; aks holda universitetlar sifatga e'tibor bermasdan subsidiya yordamini olaveradilar.
— XXIasrda ta'limning qaysi şaklini eng maqbul şakl deb hisoblagan bölar edingiz?
— Bu savolga hammaga maqbul böladigan javobni topiş qiyin. Sinfga kirgandan söng har bir öqituvçi öz uslubini tanlaydi va ta'lim sub'yektivlik kasb etadi. Ammo, şunga qaramay, bir neçta umumiy tavsiyalar borki, XXI asr ta'lim tizimida ularga rioya qiliş zarur bölar edi. Biz juda ulkan imkoniyatlar va murakkabliklar davrida yaşamoqdamiz, şunga köra, bizning pedagog sifatidagi vazifamiz ijodiy, kreativ tafakkurli, intellektual, milliy mentalitet va universal dunyoqaraşli yoşlarni tarbiyalaşdir. Bizning metodlarimiz maqsadlarimizni ifoda qilişi, muloqot, kuçli tafakkur asosida berilgan vazifalarni yeçiş, umumlaştiriş imkoniga ega bölgan dinamik va faol auditoriyani tarbiyalaşi zarur. «Raqamli dunyo avlodlari» obrazli nomiga ega bölgan, texnologiyalarga bilan yaqin döst bölib ulğaygan hozirgi davr talabalariga ta'lim va tarbiya beriş modernizatsiyaga muhtoj. Asosiy maqsadi yangi ma'lumotlarni berişga yönaltirilgan ta'lim endi yöq. XXI asr ta'limi bilimlarni şakllantirişga yönaltirilgan bölişi zarur.
— Hayotingizda erişgan qaysi yutuqlaringizdan faxrlaniş hissini tuyasiz? Yana nimalarga ulgurişim mumkin edi deb öylaysiz?
— Inson ta'lim oliş jarayonida va ijtimoiy hayotida yuzlab tösiqlarga uçrab qoqiladi va yiqiladi. Şunday bölsa-da, hayotning uşbu ikki jabhasidagi holatlarni bitta muammo deb qaramaslikka harakat qiliş juda muhim. Xatoga yöl qöyişimiz tabiiy va hissiyotlar va aql orasida muvozanatga erişiş uçun vaqt va sabr kerakligi sababli ba'zan xatolarimizni darhol tuzata olmaymiz. Bunday holatlarda inson öz e'tiqodi va öziga bölgan işonçini, xususan, köp yillar davomida asta-sekinlik bilan erişgan reja va orzular uşalgani hissini yöqotmasligi lozim! Bular Xudo bergan har kuni özingizdan ğururlanişingiz uçun atigi bir neça sabablar xolos! Nyu-York şahrida 1989 yilda tuğilgan Aliya Sabur materialşunos olima. U 18 yoşida bundan 300 yil oldin örnatilgan rekordni bekor qilgan dunyodagi eng yoş professor mavqeiga erişgan rekord sohibasi hisoblanadi. Oldingi rekord sohibi esa 1717 yilda Aberdin Universiteti tomonidan matematika fanidan professorlikka tayinlangan buyuk Isaak Nyutonning şogirdi Kolin Maklorin bölgan. Bu fakt insonning barça oğir mehnati sa'y-harakatlari öz iqtidor va aqliy qobiliyatlaringiz darajasiga erişişga yordam berişini namoyiş etadi. Men ham köp natijalarga erişdim, ammo men uçun eng muhimi, dotsentlik va professorlik unvonlarini çet mamlakatda olgan eng yoş özbekistonlik olimlardan bölganimdir. 38 yoşimda, menga töla professorlik unvoni berildi va bu Özbekiston ta'lim muvaffaqiyatining yaxşi körsatkiçidir. Men 14ta doktorlik dissertatsiyasi va 40ta magistrlik işlariga ilmiy rahbarlik qildim. Bu kabi yutuqlarimdan faxrlanaman.
Azamat Akbarov 1977 yil Samarqand şahrida tavallud topgan. Samarqand davlat çet tillari institutining ingliz filologiyasi yönalişini tamomlagan. 2003 yili Şvetsiyaning Dalarna universitetida siyosatşunoslik yönalişi böyiça ikkinçi magistr ilmiy darajasini qölga kiritgan. 2009 yili Janubiy Koreyada ingliz tilşunosligi yunalişida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1999-2001 yillarida Samarqand davlat çet tillar institutida faoliyat yuritgan. 2004-2006 yillarida Janubiy Koreyaning Pusan çet tillar universitetida Örta Osiyo tadqiqotlari fakultetida özbek tili, tarixi, madaniyati yönalişida dars berdi. Janubiy Koreyada ilk bor özbek tilini örganayotgan koreys talabalari uçun 200 betlik darslikka mualliflik qildi, bu kitob hali ham uşbu mamlakatda yagona özbek tili darsligi hisoblanadi. 2009 yildan 2016 yilgaça Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevo şahridagi xalqaro Burç universitetida «Ingliz tili va adabiyoti» kafedrasi mudiri, Pedagogika fakulteti dekani, uşbu universitetning (2012-2016) ilmiy işlar va xalqaro munosabatlar böyiça prorektori lavozimida faoliyat yuritdi. 2016 yildan 2018 yilgaça Al Forobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti umumiy tilşunoslik va yevropa tillari kafedrasi professori lavozimida işlab keldi. 2018 yil sentyabrdan Janubiy Koreyaning Pusan çet tillar universitetida şarqşunoslik fakulteti professori lavozimida işlab kelmoqda. A.Akbarov faoliyati davomida xalqaro andozalarga mos loyihalari bilan dunyo tilşunoslarining diqqat-eʼtiborini jalb etdi. 2014-2016 yillari xalqaro amaliy tilşunoslar assotsiatsiyasining vitse-prezidenti, 2014-2016 yillari Bosniya va Gersegovina amaliy tilşunoslar assotsiatsiyasining prezidenti, 2016-2018 yillari Qozoğiston amaliy tilşunoslar assotsiatsiyasining prezidenti bölgan.
Sönggi 20 yil davomida 70 dan ortiq davlatda ötkazilgan ilmiy konferensiya, simpozium va seminarlarda qatnaşib, 180dan ortiq maqola, 30ta kitob naşr qildi, 15ta loyiha ustida işladi. 10dan ortiq xalqaro tilşunoslik (amaliy, kognitiv) va tarjimonlik assotsiatsiyasi a'zosi. Hozirgi kungaça 45ta magistr va 13ta doktorantga ilmiy rahbarlik qildi. «Xorijiy tillarni örgatiş va amaliy tilşunoslik» xalqaro ilmiy-nazariy jurnal boş muharriri. 2011 yildan bugungaça 9 marta taşkillaştirilgan «Xorijiy tillarni öqitiş va amaliy tilşunoslik» xalqaro konferensiyasining taşkiliy qömitasi raisidir. May oyining 2-3 kunlari ilk bor Ӯzbekistonda ötkaziladigan uşbu tabdirda 50dan ortiq davlatlardan 300ga yaqin iştirokçi qatnaşadi.