2019 yil 1-choragida Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan Ish rejasi, Hukumat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning topshiriqlari asosida 1 993 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida jami 70,2 mlrd. so‘m miqdorida budjet intizomini buzilish holatlari va boshqa noqonuniy xarajatlar aniqlangan. 2019 yilning 1-choragida nazorat tadbirlari samaradorligi 2018 yil mos davriga nisbatan samaradorlik 2 martaga ortgan (2018 yil 1-chorakda 30 mlrd. so‘m bo‘lgan).
Nazorat tadbirlarining asosiy qismi (68,1%) budjet intizomiga rioya etilishi va mablag‘larning maqsadli foydalanishi yuzasidan o‘tkazilgan bo‘lib, nazorat tadbirlarida aniqlangan 23,4 mlrd so‘m budjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi, maqsadsiz va asossiz xarajatlardan 19 mlrd. so‘mi (81,2%)ni (2018 yilda 67,4%ni tashkil etgan) budjetga tiklanishi ta'minlangan.
Vazirlik va idoralar kesimida eng ko‘p miqdorda aniqlangan qonunbuzilish holatlari quyidagicha:
• Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari miqdori 6,2 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 4,9 mlrd. so‘mi (78%) budjetga tiklandi;
• Xalq ta'limi vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari miqdori 3,7 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 3 mlrd. so‘mi (80%) budjetga tiklandi;
• Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari miqdori 1,5 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 1,4 mlrd so‘mi (89%) budjetga tiklandi;
• Maktabgacha ta'limi vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari 1,5 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 1,2 mlrd. so‘mi (83%) budjetga tiklandi.
Yirik miqdorda moliyaviy xato va kamchiliklar Jizzax (5,3 mlrd. so‘m), Surxondaryo (2,5 mlrd. so‘m), Farg‘ona (2,1 mlrd. so‘m), Samarqand (2,1 mlrd. so‘m), Qashqadaryo (1,9 mlrd. so‘m), Andijon (1,5 mlrd. so‘m), Toshkent (1,3 mlrd. so‘m) viloyatlarida va Toshkent shahrida (2,6 mlrd. so‘m) aniqlangan.
Budjet intizomini buzilishiga yo‘l qo‘ygan budjet tashkilotlarining 67 nafar mansabdor va mas'ul shaxslariga qonunchilikda belgilangan tartibda 47,8 mln. so‘mlik ma'muriy jarimalar qo‘llanildi.
Bundan tashqari, 2019 yilning 1-choragida Toshkent viloyati mahalliy budjetining tuzilishi va ijrosi yuzasidan keng qamrovli nazorat tadbiri o‘tkazilib, unda xarajatlar smetalarida ortiqcha rejalashtirish, asossiz ish haqi to‘lash, bajarilmagan ishlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, tovar-moddiy boyliklarni hisobotga kirim qilmaslik hamda kamomad va o‘zlashtirishlar kabi 6,6 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.







