Aprel oyi boshida Afrika shimolidagi birvarakayiga uchta davlatda siyosiy-harbiy inqiroz yangi bosqichga chiqdi.

Dastlab, 2 aprel kuni Jazoir prezidenti Abdulaziz Butafliqa ushbu lavozimdagi 20 yillik faoliyatidan so‘ng iste’foga chiqishini e’lon qildi. Uning iste’fosi bir oydan beri davom etayotgan, u beshinchi marotaba prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘yishini e’lon qilganidan keyin boshlangan ko‘p ming kishilik norozilik namoyishlari fonida ro‘y berdi. Endilikda hududi jihatdan Afrikaning eng yirik davlatini 4 iyulda bo‘lib o‘tadigan saylovgacha parlamentning yuqori palatasi raisi Abdulqodir Binsaloh boshqarib turadi.

82 yoshli Butafliqa hokimiyatdan ketganidan ikki kun o‘tib, 4 aprelda Jazoirning qo‘shnisi Liviyada 75 yoshli feldmarshal Xalifa Haftar o‘z armiyasi bilan poytaxt Tripoliga yurish boshladi. U 2011 yilda Muammar Qazzofiyning o‘ldirilishidan keyin ikkiga ajralib qolgan mamlakatni birlashtirib, fuqarolar urushiga chek qo‘yishni da’vo qilmoqda. Davlatni markazlashtirish yo‘lida u milliy kelishuv hukumatini harbiy yo‘l bilan ag‘darishni maqsad qilgan va uzil-kesil g‘alaba qozonmagunga qadar chekinmoqchi emas. Haftar ancha vaqtdan buyon shunday amaliyot boshlash bilan tahdid qilib kelardi va hozir ham muzokaralardan bosh tortmoqda.

Liviya inqirozi: Xalifa Haftar kim va kimlar kim tomonda?

«Tripolini ozod etish operatsiyasi» davom etayotgan bir paytda Liviyaning boshqa bir qo‘shnisi – Sudanda 11 aprel kuni davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Mamlakat armiyasi isyon ko‘tarishi oqibatida prezident Umar al-Bashir hokimiyatdan ag‘darildi va uy qamog‘iga tashlandi. 75 yoshli Al-Bashir 30 yil davomida Sudanni boshqarib, Afrikada eng uzoq vaqt rahbarlik qilgan siyosatchiga aylandi. Uning o‘zi ham 1989 yilda harbiy to‘ntarish ortidan hokimiyat tepasiga kelgandi va mana endi xuddi shu yo‘sinda amaldan ketdi.