Prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Qasim-Jomart Toqayev muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. Unda ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiyalar a'zolari ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari yaxshi qo‘shnichilik, mustahkam do‘stlik va qardoshlik rishtalariga asoslangan. Ikki tomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda faol rivojlanmoqda.
Tomonlar 2018-2019 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi Iqtisodiy hamkorlik strategiyasining izchil amalga oshirilishi mamlakatlar strategik maqsadlarining mushtarakligiga asoslangan o‘zaro manfaatli va samarali iqtisodiy sheriklikni kengaytirishga xizmat qilayotganini ta'kidladi.

Keyingi ikki yilda ushbu sohadagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Hududlar va ishbilarmonlar o‘rtasidagi rishtalar faollashdi. Natijada savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. 2018 yil bu borada jadal yuksalish davri bo‘ldi. Tovar ayirboshlash hajmi qariyb 50 foizga o‘sib, 3 milliard dollardan oshdi.
Tomonlar, avval kelishilganidek, yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazishga intilishini tasdiqladi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaga savdo aloqalari nomenklaturasini kengaytirish, iqtisodiy hamkorlikning yangi uzoq muddatli shakllarini topish va rivojlantirish vazifasi qo‘yildi.
Bu o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga, savdo, investitsiyalar, logistika sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, integratsiyalashgan sanoat texnoparklari, ilmiy-innovatsion klasterlar va erkin iqtisodiy zonalar tashkil etishga xizmat qiladi.
Tomonlar 2018 yil noyabr oyida Chimkent shahrida o‘tgan birinchi O‘zbekiston-Qozog‘iston hududlararo hamkorlik forumi hamda 2019 yil martda Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining birinchi mintaqaviy iqtisodiy forumi yakunlarini ijobiy baholadi.

















