Ukrainada bo‘lib o‘tgan saylovlarda komik aktyor Vladimir Zelenskiy g‘alaba qozondi. Hali natijalar rasman qilinmagan, aktyor prezidentlikka kirishmagan bo‘lsa-da, bu davlatning keyingi rahbari aynan Zelenskiy bo‘lishiga shubha yo‘q. Ko‘pchilik uchun shu paytgacha qiziqchilik qilib kelgan aktyorning prezidentlikka saylanishi g‘ayritabiiy tuyulsa-da, artistlar orasida davlatlarni boshqarganlar talaygina.
Jimmi Morales, 2016 yildan buyon Gvatemala prezidenti

1969 yilda kambag‘al oilada tug‘ilgan Jimmi Morales yoshligida otasidan ayrilgan, muhtojlik tufayli banan sotish bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan.
Ulg‘ayganidan keyin akasi Samuel bilan kinoindustriyaga qiziqib qoladi va Moralejas dasturini tashkil qilib, Nito va Neto ismli kambag‘al yigitlar obrazini sahnaga olib chiqishadi. 2011 yilda siyosatga kirishgan Morales 2015 yilda mamlakatdagi siyosiy inqirozdan foydalanib Gvatemala prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yadi. Korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurash kabi oddiy xitoblarga to‘lgan dasturi bilan xalq ko‘nglini ovlagan Morales 2015 yilning oktyabrida o‘tgan saylovda 67,4 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘ladi. Ammo keyinchalik uning o‘zi ham qator korrupsion mojarolarga aralashib qoladi.
Lenin Moreno, 2017 yildan buyon Ekvador prezidenti

Uning otasi kimning siyosiy qarashlaridan ilhomlangani o‘g‘liga qo‘ygan ismdan bilinib turibdi.
1953 yilda tug‘ilgan Lenin o‘zini har xil sohalarda sinab ko‘rdi, davlat xizmatiga kirishdi va turizm rivojiga hissa qo‘shishga harakat qildi. 1998 yilda o‘g‘rilar Morenoning beliga o‘q uzadi va u butun umrga falajlanib qoladi. Ammo u tushkunlikka tushmaydi va vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li sifatida qiziqchilikni tanlaydi. 2013 yilda Moreno BMTning nogironlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimini tark etadi va 2016 yilda Ekvadorga qaytadi. Mamlakatning o‘sha vaqtdagi prezidenti Korreaning qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘z nomzodini prezidentlikka qo‘ydi va 51 foiz ovoz bilan g‘olib chiqadi. Keyinchalik davlat boshqaruvini butunlay o‘zgartirib yubordi, avvalgi prezident bilan nafaqat teskari bo‘lib ketdi, balki uning tarafdorlarini qamatishgacha bordi. Shuningdek, Lenin Moreno WikiLeaks asoschisi Julian Assanjni Londondagi elchixonadan chiqarib yuborgani bilan ham tarixga muhrlandi.





















