Manchester qizilmi yoki ko‘k? «Yunayted» chempionni aniqlaydigan o‘yin

Bugun Angliya Premer-Ligasida mavsumning eng markaziy o‘yini o‘tkaziladi. «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Manchester Siti»ni qabul qiladi. 31-turning qoldirilgan o‘yini hisoblangan bu bahsda katta ehtimol bilan mamlakat chempionligi masalasi hal bo‘ladi.

Qisqacha o‘yinning ahamiyati haqida. «Liverpul» ayni damda 35 o‘yindan so‘ng 88 ochko to‘plab APLda yetakchilik qilmoqda. «Siti» hisobida esa 86 ochko bor, lekin Gvardiola jamoasida bitta zaxira o‘yini mavjud. O‘sha zaxira o‘yini aynan bugun «Yunayted»ga qarshi o‘tkaziladi. Bugun «Siti» 3 ochko olsa, chempionlikni deyarli naqd qiladi. Chunki qolgan turlarda «shaharliklar» «Byornli», «Lester» va «Brayton» kabi jamoalardan maksimal ochko olishi mumkin, Klopp shogirdlari esa «Haddersfild», «Nyukasl» va «Vulverhempton» kabi jamoalarga qarshi o‘yinlar o‘tkazadi.

Demak, bugun «Manchester Yunayted» Angliya chempioni kim bo‘lishiga bevosita ta'sir o‘tkazishi mumkin. Sulsher jamoasi uchun ham o‘yinning ahamiyati yuqori. «MYu» g‘alaba qozonsa, ochkolari sonini 67taga yetkazib, 4-o‘rindagi «Chelsi»ga tenglashib oladi.

«MYu» qaysi «dushmaniga» «do‘stlik qiladi»?

Joriy mavsum «MYu» muxlislari uchun yomon yoki juda yomon yakunlanishi mumkin. Ya'ni, «Manchester Siti» chempion bo‘lsa yomon, «Liverpul» chempion bo‘lsa, juda yomon. «Siti» Manchesterning zo‘riga aylanganiga ancha bo‘ldi (ser Aleks ketganidan keyin), shu sabab hamshaharlarining chempionligi «Yunayted» uchun endi unchalik qo‘rqinchli emas. Ammo «MYu» muxlislari «Liverpul» chempion bo‘lishini qabul qila olishmaydi.

Britaniyaning eng kuchli ikki klubi aynan «MYu» va «Liverpul». Ular o‘rtasidagi o‘yinni «Britaniya derbisi» deb atasak bo‘ladi. «MYu» muxlislari «Siti» va «Liverpul»ni bir xilda xushlamasligi bor gap, lekin ulardan qaysi jamoa chempion bo‘lishi nisbatan yaxshiroq deb so‘ralsa, «Siti»ni tanlashadi. «Yunayted» fanatlari «Liverpul» 30 yildan buyon chempion bo‘lmaganini aytib, hazil qilib yurishadi. Bu orada «MYu» Angliya chempionligidan «zerikib ketgan».

Ammo «Liverpul»ning chempionligi «Yunayted» muxlislari uchun hazm qilish og‘ir bo‘lgan yangilikdir. Tasavvur qiling, siz azaliy raqibingiz muxlislarini «Jamoang chempion bo‘lganida sen hali tug‘ilmagansan», «30 yil oldin chempion bo‘lgan jamoangning nomi nima edi?», deb masxara qilib yursangizda, ajoyib kunlarning birida o‘sha jamoa APL g‘olibiga aylanib qolsa. Yetmaganiga sizning jamoangiz APLda oxirgi marta 6 yil avval chempion bo‘lgan. Shunday bo‘lsa, «Liverpul» muxlislari «MYu»chilarni nima deb masxara qilishlarini tasavvur qilavering.