Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari quyidagilar:
Qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir emasligi;
agar tegishli majburiyat va (yoki) to‘lovlar majburiyati yuzaga kelgan kundan e'tiboran uch oy davomida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, qarzdorga esa – shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonaga to‘lovlar majburiyati yuzaga kelgan kundan e'tiboran olti oy davomida;
agar qarzdor yuridik shaxsga nisbatan jami talablar eng kam ish haqi miqdorining kamida uch yuz barobarini tashkil etadigan bo‘lsa, qarzdor shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonaga eng kam ish haqi miqdorining kamida besh ming barobarini tashkil etadigan bo‘lsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsga nisbatan esa eng kam ish haqi miqdorining kamida yigirma barobarini tashkil etadigan bo‘lsa.
Mazkur moddaning birinchi qismidagi qoidalar to‘lovga qobiliyatsizlikning soddalashtirilgan tartibotlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish iqtisodiy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish belgilangan alomatlar mavjud bo‘lgan taqdirda iqtisodiy sud tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin, shuningdek, to‘lovga qobiliyatsizlikning soddalashtirilgan taomillari bundan mustasno.
Pul majburiyatlarni bajarmaganligi natijasida qarzdorga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atish uchun ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat etish huquqiga qarzdor, kreditor va prokuror ega.
Majburiy to‘lovlar majburiyatlarni bajarmaganligi natijasida, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi oldida pul majburiyatlari bo‘yicha qarzdorligi bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish uchun ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat etish huquqiga qarzdor, prokuror, davlat soliq xizmati organi, to‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha davlat organi va uning hududiy organlari ega.

















