Jamiyat | 11:22 / 25.04.2019
30240
2 daqiqa o‘qiladi

Qutqaruvchilar Qashqadaryo viloyatida jabrlangan fuqaroni vertolyot yordamida evakuatsiya qilishdi

Foto: FVV matbuot xizmati

Joriy yilning 22 aprel kuni FVB navbatchilik qismiga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali tomonidan Dehqonobod tumanida traktor ag‘darilishi natijasida jabrlangan og‘ir ahvoldagi fuqaroga yordam ko‘rsatish zarurligi bo‘yicha murojaat qilingan. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro B.M. boshqaruvidagi traktori bilan dala maydoniga ekin ekish vaqtida, surunkali yomg‘ir yog‘ishi ta'siri hamda texnika xavfsizligiga qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida ag‘darilib ketgan.

Foto: FVV matbuot xizmati

Natijada, og‘ir tan jarohati olgan B.M. Oqqishloq aholisi tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatish uchun qishloq vrachlik punktiga olib borilgan. Mutaxassislarning ko‘rigi natijasida, jabrlanganga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish lozimligi aniqlanib, bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga yetkazish ehtiyoji yuzaga kelgan. Biroq noqulay ob-havo, yo‘llardagi nosozlik, qolaversa, qishloq va tuman markazi o‘rtasidagi olis masofa tufayli bemorga zudlik bilan yordam ko‘rsatish imkoniyati yo‘q bo‘lgan.

Foto: FVV matbuot xizmati

Shu munosabat bilan, Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining murojaati asosida Janubi-G‘arbiy alohida harbiy okrug tomonidan bemorni evakuatsiya qilish uchun Mudofaa vazirligiga tegishli MI-171 vertolyoti ajratilib, fuqaro B.M. qutqaruvchilar nazorati ostida Qarshi shahridagi Xonobod aerodromiga yetkazilgan.

Bemor aerodrom hududidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga yetkazildi. Hozirgi vaqtda bemorga barcha zaruriy ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid