Kecha, 25 aprel kuni internetda bir guruh baliqchilar Toshkent dengizida 35 kilogrammlik baliq ovlagani suratlari tarqalib, shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda baliqchilarni omadli va mahoratli deb maqtaganlar yetarlicha topildi. Ular orasida bu suratdan ilhomlanib, o‘zi baliq tutishga shaylanganlar ham yo‘q emasdi. Kun.uz muxbiri tanganing ikkinchi tomonini ham o‘rganish maqsadida soha vakillariga murojaat qildi.

«Maqtaydigan narsa emas, aksincha...»
«O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi vakillarining aytishicha, ko‘pchilikning havasini keltirgan suratdagi «qahramon-baliqchilar»ni maqtash mutlaqo o‘rinsiz, chunki ular – brakonerlardir.
«Bu xabar tarqalganidan biz xavotirga tushdik, chunki bu – noqonuniy narsa. Rasmlarni ko‘rib, 35 kilogrammlik baliq ovlangani odamlarni havasini keltirdi. Vaholanki, bu brakonerlikka kiradi. Uni targ‘ib qilish emas, uning yomon oqibatlarini ko‘rsatish kerak.
Bu – maqtanadigan, xursand bo‘ladigan narsa emas. Kimdir havzani ijaraga olib, o‘z hisobidan uni baliqlantirgan, yem bergan; kimdir esa tayyor yetishtirilgan baliqni kechasi kelib ovlab ketyapti, keyin uni sotish orqali shaxsiy manfaat ko‘ryapti», – deydi uyushma raisi o‘rinbosari Shuhrat Rahmatov.
Baliqchi-brakonerlar «avjiga chiqqan» payt
Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda yilning bu paytida tabiiy suv havzalarida baliq ovlash mumkin emas.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlaridan tashqari O‘zbekistonning barcha hududlarida 15 apreldan 1 iyunga qadar tabiatda baliq ovlash taqiqlanadi, yuqoridagi ikki hududda esa bu muddat – 25 apreldan 10 iyungacha. Biroq, shuning barobarida baliqchilikda aynan hozir – brakonerlik eng avj olgan paytdir.
«Bu oraliq muddat – baliqlarning ko‘payadigan davri, bu paytda tabiiy havzalarda baliqlarga antropogen ta'sir butunlay taqiqlanadi», – deydi «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Kamolxo‘ja Ismoilxo‘jayev.
Uning tushuntirishicha, bu davrda hamma baliq turlari ikra tashlash uchun qirg‘oqqa chiqadi. Baliqlar iliqroq, kislorod serob bo‘lgan sayoz joylarga chiqib, o‘t-o‘lanlarga urug‘ tashlaydi. Ularda bu paytda faollik ham pasayadi, qo‘lga tushirish ancha osonlashib qoladi.
«Brakonerlar esa aynan shundan – baliqlarning ikra qo‘yish paytidagi passivligidan foydalanishadi. Ular sayozlikka chiqadigan baliqlarni kaltaklar bilan kutib turishadi. Yilning boshqa payti bo‘lganida bunday katta baliqni ushlash oson bo‘lmasdi», – deydi Ismoilxo‘jayev.







