O‘zbekiston | 14:20 / 29.04.2019
18858
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘rta Chirchiqdagi avtobus avariyasi bo‘yicha ma'lumot berdi

29 aprel kuni soat 02:00 larda O‘rta Chirchiq tumani hududidan o‘tuvchi 4R20 avtomobil yo‘lining 6-kilometrida Buxoro shahridan ziyoratdan qaytayotgan, salonida 53 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan «Mersedes-bens» rusumli avtobus yo‘ldan chiqib ketib, yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Avtobus boshqaruvni yo‘qotgach, beton to‘siqqa borib urilib yonboshlagan va yonishni boshlagan, yo‘lovchilar zudlik bilan evakuatsiya qilingan.

Natijada avtobus yo‘lovchilaridan 27 nafari turli darajada tan jarohatlari olishgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berishicha, jarohatlanganlarga vazirlik tomonidan tasdiqlangan standartlarga mos ravishda zudlik bilan tekshiruvlardan o‘tkazilib, belgilangan tartibda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Ulardan 19 nafariga ambulator yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan. Yana 2 nafari Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, uyiga ruxsat berilgan. Ular patronaj xizmati nazoratiga olingan. Qolgan 6 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Travmatologiya va Shoshilinch xirurgiya bo‘limlariga yotqizilgan. Ularning ikki nafari: 54 yoshli Asqad Kobilov va 2,5 yoshli Robiya Ma'murboyeva muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. Ayni paytda jarohatlangan bemorlar o‘zlarini yaxshi his qilishmoqda.

«Bundan tashqari, ushbu yo‘l transport hodisasi ishtirokchisi bo‘lgan barcha yo‘lovchilarning xonadonlariga borilgan, ahvolidan xabar olinib, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari tashkil etilgan.

Barcha bemorlar Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratida», deya qayd etiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bundan avvalroq berilgan xabarlarda, ushbu avtobusda Toshkent viloyati Parkent tumani 31-umumiy o‘rta ta'lim maktabining 37 nafar o‘quvchisi, 3 nafar o‘qituvchisi, 10 nafar ota-onalar hamda 3 nafar haydovchi bo‘lgani aytilgandi.

Mavzuga oid