Mehr dasturini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Maxsus komissiyasi Yaqin Sharqdan olib kelingan o‘zbekistonliklar bo‘yicha bayonot berdi. Quyida uning matni to‘liq holda keltiriladi.
«Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan muqaddas Ramazon oyida savobli tadbir amalga oshirildi, deb xabar bermoqda bosh vazir o‘rinbosari.
Hech kimga sir emas, Suriya davlatidagi bo‘layotgan urush jarayoni, terrorchilik va ekstremistik harakatlarga bir qator bizning o‘zbekistonliklar ham aralashib qolgan. Lekin ularning ichida o‘zi tushunib-tushunmasdan, adashib borib qolgan, ekstremistik guruhlar faoliyatining jabrini ko‘rganlar ham mavjud.
Joriy yilning 30 may kuni yurtboshimiz rahnamoligida 156 nafar fuqarolar, xususan ulardan 48 nafar ayol, 107 nafar bola kurdlarning lageridan o‘z Vataniga qaytarishga erishildi. Ular aldov yo‘llari bilan Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar (Suriya) hududiga adashib borib qolgan fuqarolarimizdir.
Og‘ir hayotiy davrni boshdan o‘tkazib, Vatanga qaytgan hamyurtlarimizga O‘zbekiston Hukumati reabilitatsiya va jamiyatga qayta moslashishlari uchun har tomonlama yordam ko‘rsatadi.
Xususan, davlat rahbari topshirig‘iga muvofiq Hukumat qarori bilan Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarligida Maxsus komissiya tashkil etildi va Maxsus komissiya tarkibiga kirgan barcha mas'ul vazirlik va idoralar mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab qo‘yildi.
Qaytarilgan vatandoshlarimizga tegishli xizmat turlarini ko‘rsatish uchun maxsus komissiya tarkibiga Sog‘liqni saqlash, Xalq ta'limi, Maktabgacha ta'lim, Adliya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, Respublika madaniyat markazidan tegishli rahbar va xodimlar jalb qilindi.
Respublikaga qaytarilgan Vatandoshlarimizni ijtimoiy reabilitatsiya hamda sog‘lomlashtirish maqsadida Toshkent viloyati hududidagi barcha kerakli sharoitlar yaratilgan sanatoriyga joylashtirildi.
Vatandoshlarimizga va ularning oila a'zolariga ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy yordam berish maqsadida sanatoriyda barcha mas'ul vazirlik va idoralar tomonidan ularga kun-u tun davomida (24 soat) ko‘maklashish uchun vakillar biriktirildi.
Sanatoriyning o‘zida ularga tibbiy yordam va psixosotsial ko‘mak berish, shaxsiy hujjatlarni tiklash, bandligini ta'minlash, ta'lim va boshqa ijtimoiy dasturlarda ishtirok etish hamda ijtimoiy nafaqalar to‘lash choralari ko‘rilmoqda.















