15 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov, Davlat test markazi direktori Majid Karimov hamda Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov ishtirokida 2019/2020 o‘quv yiliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Huquqshunos Xushnud Xudayberdiyev telegramdagi kanalida bu yil o‘qishga hujjat topshirayotgan abituriyentlarni qiziqtirgan savollarga javoblarni taqdim etdi.

Qabul quyidagi 3ta joyda bo‘ladi:
Davlat xizmatlari markazi (DXM) orqali — 5ta OTM (TDYuU, QDU, FarDU, SamDU, GulDU);
My.gov.uz orqali — yuqoridagi 5ta OTM;
OTMlarning o‘zida — qolgan OTMlar uchun.

Endi abituriyent hujjat topshirmaydi, balki original hujjatlarini ko‘rsatib, ro‘yxatdan o‘tadi va o‘zi bilan qaytarib olib ketadi;

Ro‘yxatdan o‘tish uchun quyidagilar kerak:

  1. Pasport (u yo‘q bo‘lsa, yoki 09-forma, yoki tug‘ilganlik guvohnomasi);
  2. Diplom yoki shahodatnoma (ilovasi bilan);
  3. Mabodo imtiyozi bo‘lsa, uni tasdiqlovchi hujjat.

OTMlar orqali ro‘yxatdan o‘tganda ham xuddi shu hujjatlar talab etiladi, avvalgi yillardagidek rasm, papka, 086-ma'lumotnoma shart emas;

DXM va portal orqali ro‘yxatdan o‘tiladigan 5ta OTMning tartibi quydagicha:

  • ushbu 5ta OTM faqat birinchi OTM sifatida tanlanayotgandagina DXMga (portal) borish kerak. Masalan, abituriyent 1-FarDU; 2-TDTU; 3-FarPI ketma-ketligida topshirmoqchi bo‘lsa, DXMlarga boradi;
  • agar ushbu 5ta OTM 2 yoki 3-OTM sifatida tanlanayotgan bo‘lsa, unda DXMlarga emas, balki OTMlarga borish kerak. Masalan: 1- TDTU; 2-FarDU; 3-FarPI.