O‘zbekistonda 1 iyuldan YPX xodimida videokamera bo‘lishi majburiy qilingandi. 24 iyun kuni 1 iyuldan bodi-kamerasi yo‘q YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga egaligi eslatib o‘tilgandi.

«YPX xodimida videokamera bo‘lishi shart. YPX xodimi xizmat vaqtida mobil videokameradan foydalanishi va bu haqida yo‘l harakati qatnashchilariga ma'lum qilishi shart. Shuningdek, noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilsa, buni isbotlash uchun ushbu video yozuvdan foydalanilishi haqida haydovchini ogohlantirishi lozim», deyilgandi Adliya vazirligi ma'lumotida.

Lekin bu tartib, aftidan, 2019 yil 1 iyuldan kuchga kirmaydi.

Huquqshunos va bloger Xushnud Xudayberdiyev telegramdagi kanalida yozishicha, 14 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi tomonidan regulation.gov.uz portalga Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi joylashtirilgan. Loyiha VMning 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qaroriga bir qator o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutmoqda.

«Unga ko‘ra, mobil videokameraga oid talablar 2019 yil 1 iyuldan emas, balki 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirishini belgilashmoqchi.

Bu nima degani, bilasizmi? Bu Hukumat qarorlari qay darajada o‘yinchoq bo‘lib qolganini ko‘rsatadi. Kim nimani xohlasa, shuni qilyapti. Hozir xohlasa 2020 yil 1 yanvargacha uzaytirishadi, undan keyin xohlasa 2030 yil 1 yanvargacha uzaytirishadi, undan keyin xohlasa butunlay bekor qilib yuborishadi», deya yozadi bloger.

Videolarni YPX xodimi ruxsati bilan joylash haqidagi o‘zgarish

Bundan tashqari, IIV o‘z loyihasida boshqa o‘zgarishlarni ham taklif etgan. Jumladan, haydovchilar o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga YPX xodimi bilan o‘zaro munosabati qayd qilingan ma'lumotlarni internetga ruxsatsiz joylashtirmasligi haqida talab qo‘shilmoqda. Ya'ni, buning uchun o‘sha YPX xodimidan ruxsat olish kerak bo‘ladi.