Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish uchun yig‘imlar undirish vaqtinchalik tartibini belgilash va 2019 yil uchun yig‘im stavkalari to‘g‘risida”gi Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining qarori loyihasi e'lon qilingandi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qo‘mita ushbu hujjat loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi “Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 702-sonli qarori va ushbu Qarorning 9-bandi ijrosi yuzasidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar talablaridan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqib, Toshkent shahar hokimligiga o‘z takliflarini kiritdi.
Jumladan:
1. Qaror Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi tomonidan tasdiqlanayotganligi sababli, Qaror nomini shunga muvofiqlashtirilishi hamda qaror va uning ilovasi Kengashda ko‘rib chiqish.
2. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi 702-sonli Qarorining 1-bandida tashqi reklama joylashtirish huquqi uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadigan miqdorda yig‘im undirilishi, bunday yig‘imlarni undirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan.
Shu sababli, Qaror loyihasining 2-bandini “Tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun vaqtinchalik yig‘imlar miqdori ilovaga muvofiq tasdiqlansin” tahririda bayon etish.
3. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi 702-sonli Qarorining 1-bandi yettinchi xatboshisida tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish bo‘yicha shartnomalar tuzish tuman (shahar) hokimliklari tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Shunga ko‘ra, loyihaning 3-bandini ushbu Qaror talablariga moslashtirish hamda Toshkent shahrida tashqi reklama vositalari egalari bilan shartnomalar tuzilmaganligi va 2018 yil 1 dekabrdan buyon tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun yig‘imlar undirilmayotganligi sababli, loyihaning 3-bandiga tuman hokimliklariga Toshkent shahrida (tegishli ma'muriy hududda) o‘rnatilgan tashqi reklama vositalari egalari bilan shartnomalar tuzish ishlarini qisqa muddatda (10 kunlik muddat ichida) yakunlashni amalga oshirish vazifasini kiritish.

















