O‘zbekiston | 12:30 / 21.07.2019
32875
3 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb qilingan Chustdagi maktab direktori ishdan ketdi. XTB mudiri va hokim o‘rinbosariga hozircha jazo yo‘q

Namangan viloyati Chust tumanidagi 9-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktori Ravshanoy Alimovna Ismoilova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 97-moddasi 2-bandiga muvofiq bekor qilindi. 

Kun.uz manbasi xabar berishicha, maktab direktori ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozgan.

«Foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qo‘shimcha ta'tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lash hamda u bilan to‘liq hisob-kitob qilib berish tuman xalq ta'limi bo‘limi markazlashgan hisobxona bosh hisobchisi tomonidan amalga oshirilsin», deyiladi Namangan viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i V.Rajapovning mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyrug‘ida.

Chust tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Shavkatbek Yo‘ldoshevga 3 kun muddatda 9-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi lavozimiga nomzod tavsiya etish vazifasi topshirilgan.

16 iyul kuni Kun.uz saytida Chust shahri markazidagi 9-sonli umumta'lim maktabi o‘qituvchilari ta'til vaqtida maktabdagi qurilish ishlarida ishlatilayotgani haqida «Chustdagi maktab muallimalari qurilish ishlarida javlon urishmoqda. «O‘z xohishi» bilan...» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi majburiy mehnat bilan bog‘liq holatni o‘z nazoratiga oldi.

17 iyul kuni Xalq ta'limi vazirligi ushbu maktab o‘qituvchilari majburiy mehnatga jalb etilgani haqidagi xabarlarni o‘rganayotgani, ushbu holatga yo‘l qo‘yganlarga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida chora ko‘rilishi haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi boshida Namangan viloyatining boshqa bir tumani Kosonsoyda maktablar o‘qituvchilari beton quyish ishlariga jalb etilgan, bu ish vazirliklar tomonidan o‘rganilgach Kosonsoy tumani xalq ta'limi bo‘limi mudiri vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi F.N. vazifasidan ozod etilgan, Kosonsoy tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mubillo Isomiddinovga ma'muriy jazo (jarima) qo‘llangandi.

Chust tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Shavkatbek Yo‘ldoshev

Chustda esa tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Shavkatbek Yo‘ldoshev va tuman hokimi o‘rinbosari Zuhriddin Boyboyevga chora ko‘rilgani haqida hozircha ma'lumot yo‘q.

Mavzuga oid