15:13 / 08.08.2019
18815

Atamboyevga qarashli telekanal efiri to‘xtatib qo‘yildi

Foto: RIA Novosti / Artem Korenyuk

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevga qarashli "Aprel" telekanali efirdan olib tashlandi.

"Qirg‘iziston hukumati teletomoshabinlar uchun haqiqiy axborot qamalini uyushtirdi. Kecha kechqurun, hujumdan bir yarim-ikki soat o‘tgach, "Aprel" telekanali efirdan uzib qo‘yildi", deyiladi telekanal bayonotida.

Qayd etilishicha, "Aprel" internet-televideniye operatorlari efir jadvalidan ham olib tashlangan.

"Aprel" telekanali bu holatni so‘z erkinligini bo‘g‘ish deb baholamoqda.

Shu bilan birga Qirg‘izistonning "24.kg" axborot agentligiga DDOS-hujumi amalga oshirildi. Natijada foydalanuvchilar vaqti-vaqti bilan saytga kira olishmayapti.

7 avgust kuni Atamboyevni qo‘lga olish uchun maxsus amaliyot o‘tkazildi. Uning qarorgohi joylashgan Qo‘y-Tosh qishlog‘iga borgan maxsus bo‘linma uning uyiga bostirib kirdi, ammo ichkarida qarshilikka uchradi, qolaversa tashqaridan kirib kelgan sobiq prezidentning tarafdorlari ularni o‘rab olgach, taslim bo‘ldi. Ular Atamboyevning tarafdorlari tomonidan qo‘lga olindi.

Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi to‘qnashuv oqibatida 50dan ortiq kishi jarohatlandi, bir nafar harbiy kasalxonada vafot etdi. 

Almazbek Atamboyev Bishkekda muddatsiz miting boshlanganini e'lon qildi.

Mavzuga oid
Top