O‘zbekiston | 11:44 / 11.08.2019
10069
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qon Jahon hunarmandlar shaharlari ro‘yxatiga kiritildi

Foto: Advantour

Qo‘qon birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkazilishi arafasida Jahon hunarmandlar shaharlari ro‘yxatiga (World Craft City) kiritildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.  

Shu munosabat bilan, Jahon hunarmandchilik kengashi (World Craft Council) prezidenti Rozi Grinlis va Jahon hunarmandchilik kengashining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC-APR) bo‘yicha prezidenti Gada Xijavi-Kaddumi quyidagilarni ta'kidlab o‘tishdi.

“Jahon kengashiga berilgan ariza evaziga, biz hunarmandchilik Qo‘qon shahri madaniyati va sanoatida katta rol o‘ynashi haqidagi xulosaga keldik. Qo‘qon hunarmandlar shaharlari jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashi quvonarlidir. Qo‘qon ro‘yxatga kiritilishi bilan bog‘liq o‘z majburiyatlarini bajarishi va butun dunyo hunarmandlari uchun umumiy platforma yaratish maqsadida xalqaro almashuvlarni kengaytirishi, hunarmandchilik shaharlari tarmog‘idagi boshqa shaharlar bilan faol hamkorlik qilishiga umid qilamiz”, deb aytgan Rozi Grinlis.  

O‘z navbatida, Gada Xijavi-Kaddumi Qo‘qonning ushbu muvaffaqiyati uchun samimiy quvonch bildirgan va O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga o‘z madaniy merosini saqlashi va yanada ko‘paytirishida ulkan zafarlar tilab qolgan. 

Ta'kidlash joiz, Jahon hunarmandlar shaharlari ro‘yxati 2014 yildan beri mavjud bo‘lib, unga ayni vaqtda dunyoning 30 shahri kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi 2019 yil martidan Jahon hunarmandchilik kengashiga a'zolikka qabul qilingan.

Qo‘qonda joriy yilning 10-15 sentabr kunlari Xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid