Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga tadbirkorlik sub'yektlarini keng jalb etish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarining o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash, shuningdek, bo‘sh turgan obektlar, yer uchastkalari va boshqa infratuzilmadan samarali va oqilona foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Hududlarda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish respublika komissiyasi va uning hududiy ishchi guruhlari tasdiqlanadi.
Komissiya va uning hududiy ishchi guruhlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
har bir mahallaga chiqqan holda tadbirkorlar bilan bevosita uchrashish, ularning muammolarini o‘rganish, ayniqsa faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlarning amaldagi qonunchilik doirasida ularning ishini tiklash bilan bog‘liq yechimlarni tatbiq etish yuzasidan bosh vazir qabulxonalari bilan birgalikda aniq choralar ko‘rish;
iqtisodiyot, investitsiya va moliya-kredit organlari bilan birgalikda har bir tuman (shahar)ning mavjud imkoniyatlari va salohiyati, mahalliy iste'molchilarning talab va ehtiyojidan kelib chiqib ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarining aniq yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
ushbu takliflar asosida tadbirkorlar kengashlari va savdo sanoat palatalari bilan salohiyatli tadbirkorlarni jalb qilgan holda, loyihalarni ishlab chiqish, kredit, yer maydonlari va bino-inshootlar ajratish, infratuzilmaga ulanish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal qilishga ko‘maklashish.
Tadbirkorlik faoliyatini muvofiqlashtirish komissiyasi va uning hududiy ishchi guruhlari tomonidan ishlab chiqilgan mavjud ishchi kuchi va mehnat resurslari balansi asosida ishsiz maqomiga ega va ish qidirayotganlar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida har bir mahalla kesimida ularning talab va ehtiyojidan kelib chiqib, keltirilgan yo‘nalishlarni rivojlantirishni nazarda tutuvchi “Tadbirkorlik hududi”ga aylantirish tajribasini O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 11 sentyabrdagi PQ-3939–son qarori bilan tashkil etilgan “Hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasi va uning hududiy guruhlari” bilan muvofiqlashgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlarning barcha tuman va shaharlarining mahallari kesimida 2019 yil yakuniga qadar joriy etilishi ta'minlanadi.

















