Vazirlar Mahkamasining “Samarqand viloyati tuman va shahar sektorlari rahbarlarining hududlarni kompleks rivojlantirishdagi javobgarligini oshirish va yuqori natijalarga erishgan rahbarlarni rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 8 avgustdagi PQ–3182-son qaroriga muvofiq quyidagilar sektorlar rahbarlarining asosiy vazifalari etib belgilangan:

uy-joy kommunal va yo‘l xo‘jaligi, energiya, suv va issiqlik ta'minoti, transport qatnovi, arxitektura, arzon uy-joylar qurish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, namunaviy mahalla va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini shakllantirish sohasidagi muammolarni aniqlash hamda hal etish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish;

ijtimoiy muhofazaning manzilliligi, iste'mol bozorida narxlarning barqarorligi, ijtimoiy soha obektlari, eng avvalo, sog‘liqni saqlash, ta'lim va boshqa muassasalarning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash bo‘yicha ta'sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

hududlarni jadal iqtisodiy rivojlantirish, shu jumladan, ularning tabiiy, iqtisodiy va inson salohiyatidan samarali foydalanish, qurilishi tugallanmagan obektlardan, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish va yer maydonlaridan oqilona foydalanish, mahalliy budjetlarning daromad qismi va hududning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, joylarda zamonaviy bozor infratuzilmasini tashkil etish, xizmat ko‘rsatish, turizm sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlik sub'yektlariga amaliy yordam ko‘rsatish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

dehqon xo‘jaliklari, tomorqa uchun ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etishda fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashish bo‘yicha choralar ko‘rish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlikda huquqbuzarliklarni, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida profilaktika qilish hamda ularni barvaqt oldini olish bo‘yicha ta'sirchan ishlarni tashkil etish.

Belgilanishicha, sektorlarga biriktirilgan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ishlarni sifatli tashkil etish va ular samaradorligi uchun tegishli sektor rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.