Toshkentda avtobusni mumkin bo‘lmagan joyda to‘xtatishni talab qilgan yo‘lovchi eshikni tepib sindirdi
«Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash maqsadida belgilangan qonun-qoidalarga amal qilmagan haydovchi va chiptachilarga keskin choralar ko‘rilmoqda. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Yo‘lda harakatlanishda haydovchilar bilan birga yo‘lovchilar ham tartib-qoidaga amal qilishlari shart. Ayniqsa, jamoat transportidan to‘g‘ri foydalanish yuz berishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olishda muhim ahamiyatga egaligini unutmaslik lozim. Bunga quyidagi voqea yaqqol misol bo‘ladi.
Joriy yilning 14 avgust kuni 5-avtobus saroyi tasarrufidagi 99-yo‘nalishda yo‘lovchi ayol belgilanmagan joyda, ya'ni Qo‘yliq bozori yaqinidagi Chirchiq daryosidan o‘tgan ko‘prik ustida avtobusni to‘xtatishni talab qildi. Haydovchi unga bu yerda to‘xtash mumkin emasligi, hayoti uchun xavfliligini har qancha tushuntirmasin u qaysarlik bilan o‘z so‘zida turib oldi.
Qo‘lidagi chaqalog‘i hamda salondagi yo‘lovchilarni bezovta qilarli darajada shovqin-suron ko‘tardi. U ham yetmagandek, baland ovoz bilan haydovchiga bosim o‘tkazib, avtobusning eshik oynasini bir necha marta tepib sindirdi. Bu bilan u o‘zi va boshqa yo‘lovchilarning hayotini xavf ostiga qo‘ydi. Avtobusga zarar yetkazish bilan birga ayolning o‘zi ham oyna siniqlaridan shikastlandi.
Ushbu holatni batafsil o‘rganish hamda chora ko‘rish maqsadida tegishli organlarga xabar berildi. O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot taqdim etamiz.
Quyida voqeaning video shaklini ko‘rib o‘zingiz xulosa qilishingiz mumkin», deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
23:59 / 16.08.2024
Toshkentda avtobuslar tezligi 50 km/soatgacha cheklanadi
07:56 / 19.07.2024
Toshkentda «G‘alabaning 40 yilligi» avtobus bekati qulab tushdi
16:31 / 09.04.2024
Toshkentda yo‘lovchining qo‘lini qisib qolgan holda harakatlangan avtobus haydovchisi ishdan ketdi
19:49 / 26.02.2024