Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanidagi «Chorbog‘» mahallasi aholisidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda mahalla orasidan o‘tgan «Bulung‘ur» arig‘idagi ko‘prikning ahvoli va u aholiga, ayniqsa yosh bolalarga xavf tug‘diriyotganligi bayon etilgan.
Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Bulung‘ur tumanida bo‘ldik va «Chorbog‘» mahallasi aholisi bilan suhbatlashib, ularning e'tirozlarini tingladik.

«Mahallamizdan o‘tgan «Bulung‘ur» arig‘idagi ko‘prikdan farzandlarimiz 68-umumiy o‘rta ta'lim maktabiga qatnaydi. Ammo ko‘prik talabga javob bermaydi va bolalar uchun juda xavfli. Shuning uchun biz ota-onalar xavotirda yashaymiz. Tuman hokimligi va boshqa tashkilotlarga bir necha marotaba murojaat qildik. Hashar yo‘li bilan qilinglar, deyishdi. Hashar bilan qilganimiz shu axir. Bundan ortig‘ini qilolmaymiz. Bahorda suv juda ko‘p kelib ko‘prikni ham ko‘mdi. Bolalar haftalab maktabga bormadi. Yangi o‘quv yili yaqinlashyapti. Shuning uchun bu muammo o‘quv yili boshlangunga qadar hal bo‘lishini istardik», – deydi mahalla aholisi biz bilan suhbatda.

O‘rganishimiz davomida ko‘prikning ahvolini ko‘zdan kechirdik. Haqiqatan ham ko‘prik bolalar uchun juda xavfli. Suv tez oqadi. Ko‘prikdan o‘tilgandan keyin ham maktabgacha «Bulung‘ur» arig‘i yoqalab yuriladi. Yog‘ingarchilik vaqti ariq yoqasidagi yo‘l ham butkul loyga aylanar ekan.


Ma'lum bo‘lishicha, shu yil bahorda yog‘ingarchilik ko‘p vaqti ariqdan suv to‘lib oqqan va ko‘prikdan o‘tishning umuman imkoni bo‘lmagan. Shu bois o‘quvchilar haftalab darsga bora olishmagan.
Buni maktab direktori Turg‘un Haydarov ham tasdiqladi.
«Maktabimizga yuzdan ortiq o‘quvchi «Chorbog‘» mahallasidan qatnaydi. O‘quvchilar o‘sha ko‘prikdan o‘tib kelishga majbur. Haqiqatan ham o‘quvchilar bahorda haftalab darsga kelisholmadi», – deydi biz bilan suhbatda Haydarov.
Ushbu muammo yuzasidan o‘rganishimiz davomida ishtirok etgan tuman hokimligining qurilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Alisher Elmurodovdan izoh so‘radik.














