«Jasliq» so‘zi tilda xuddi bolalar oromgohidek jaranglasa-da, aslida u yaqin-yaqingacha jahonning eng repressiv rejimlaridan bo‘lgan tizim dushmanlari izolyatsiya qilinadigan va qiynoqlarga solinadigan qamoqxonalardan biri edi.
Hozirga kelib, O‘zbekistonning islohotchi prezidenti Shavkat Mirziyoyev uni yopishga qaror qilgan», deb yozadi The Economist.
Ushbu nufuzli nashrning 10 avgust kungi sonida 19-sonli jazoni ijro etish koloniyasining tugatilishi to‘g‘risida maqola chop etildi.
«Jasliq» o‘rta asrlar uslubidagi varvarizmga o‘xshab ketgan – 2002 yilda bu qamoqxonada ikki mahbus qaynatilgan suvga solinishi va oqibatda ular halok bo‘lishi bu fikrni dalillaydi. Bu yerda din va siyosat muxoliflari metall tayoq bilan kaltaklanishi, tirnoqlari olib tashlanib, elektroshokka duchor qilinishi holatlari ham kuzatilgan», – deya qamoqxonaga ta'rif berilgan maqolada.
Muallif yoki mualliflar jamoasi cho‘l o‘rtasida joylashgan bu qamoqxonada havo harorati +45 darajadan -35 darajagacha farq qilishi, koloniya Toshkent shahridan 1400 km uzoqlikda, eng yaqin shahardan 180 km masofada joylashgani tufayli mahbuslar qochishni xayollariga keltirishining o‘zi ham imkonsiz bo‘lganini qayd etib o‘tgan.
«Jasliq xuddi sovet davridagi Sibir lageriga o‘xshab ketardi va uning modeli aynan o‘sha lagerlardan olingan edi», – deya yozgan muallif.
Maqolada qamoqxona 1999 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan portlashdan so‘ng O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ko‘rsatmasi bilan ochilgani iddao qilingan.
«Hozirgi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakatda olib borayotgan siyosiy va iqtisodiy liberal islohotlari bilan jahonni hayron qoldirib, 50 nafar siyosiy mahbusni ozodlikka chiqardi, ekstremistik oqimga aloqasi bor deb gumonlangan 20 ming kishini qora ro‘yxatdan o‘chirdi.
Shuningdek, Mirziyoyev O‘zbekistonda aybni tan oldirish uchun qiynoqqa solish choralarini taqiqladi; nafaqat «Jasliq», balki butun tergov tizimida avj olgan zo‘ravonlikka chek qo‘ydi», – deb davom etgan xalqaro nashr.
The Economist nashriga ko‘ra, hukumat vakillari ushbu koloniya yopilishini mamlakatda inson huquqlari tomon qo‘yilgan qadam sifatida taqdim etayotgan bo‘lsa-da, uning tarixi va unda mahbuslar qiynoqqa solinganini inkor etmoqda.
Maqolada, shuningdek, davlat jinoiy masalalarda ochiqlikni ko‘proq ta'minlashi zarurligi ta'kidlangan.







