O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani xabar berilgandi.

Hujjat bilan savdo (xizmat ko‘rsatish) shoxobchalarida aholi bilan naqd pulda va (yoki) bank plastik kartalari orqali amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega bo‘lgan ma'lumotlar almashinuvi platformasi – virtual kassalarni onlayn nazorat kassa mashinalari qatorida joriy etish to‘g‘risidagi taklif ma'qullandi.

Naqd pul tushumiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarining onlayn nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish grafigi tasdiqlandi.

Belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2020 yil 1 yanvardan boshlab har yili olis, yetib borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari ro‘yxatini tasdiqlaydi va ushbu hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlariga mazkur Farmon bilan tasdiqlangan grafik tatbiq etilmaydi.