Kun.uz sayti hamda poytaxtdagi “Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti”ning hamkorligi doirasidagi xayriya aksiyalar yana jonlanmoqda. Bu safar ham shifo umididagi bolalar holidan xabar olish uchun yo‘lga chiqdik.
Bu shifoxonada boshqalaridan farqlanadi. Ko‘zlariga mung ilashgan bolalar ham, ularni qo‘llab yonlarida turgan onalar ham, shifokorlarning bir imosiga mahtal bo‘lib, hovlida yurgan otalar ham hadik va umid bilan kun kechiradilar. Bu maskandagi yordam ilinjida tikilib turgan nigohlarga qarash juda og‘ir, o‘zidan orttirib ko‘mak berish uchun kelganlar kimnidir xursand qilishsa, o‘zlari bilmagan holda kimningdir ko‘nglini og‘ritib ham qo‘yishadi. Sababi – hammaga madad bo‘lishning iloji yo‘q. Shuning uchun ham bu yerda har qanday yordam – kattasi ham, kichigi ham qadrli. Har qancha homiy bo‘lsa, beqiyos o‘rni bor.
Bugun ham bir qancha bemorlar haqidagi lavhalarni e'tiboringizga havola qilamiz. Ishonamizki ularning murakkab taqdiri sizlarni befarq qoldirmaydi.
Birinchi bemorimiz Yoqutxon Ahmatova 14 yoshda, Toshkent viloyati Bekobod tumanidan. 2017 yilda oqqon kasalligiga chalingan bo‘lsa, o‘tgan ikki yil davomida davolangan va sog‘ayib ketgani uchun uyiga javob berilgan. Ammo yaqinda, Yoqutxon barcha dugonalari bilan maktabga borishni rejalashtirib yurgan kunlarda kasallik yana qaytalanib qolgan.
– O‘tgan safar davolanayotganimizda sochlarim to‘kilib ketgandi. Shu bois uyalganimdan opajonimning to‘yiga ham bora olmadim. Bir ukam bor, rosa men bilan maktabga borishni orzu qiladi. Biror marta ukam bilan birga yetaklashib darsga borish nasib qilmadi. Hozir ham dugonalarim har kuni telefon qilishadi: “Yoqutxon, qachon kelasan, seni sog‘indik” deyishadi. “Men yaqinda boraman, kutinglar” deyman, keyin boshimni yostiqqa burkab yig‘layman. Iltimos, bizga yordam beringlar, meni davolataman deb ota-onam juda qiynalib qolishdi-, deydi qizgina.

Yoqutxon qo‘shiqlar aytarkan. Bizga mungli bir qo‘shiqdan parcha aytib berganida suratga olish jarayonidagi barcha ishtirokchilar ko‘zyoshlarini tiyib tura olmadilar.
Plastik karta raqami: 8600 5729 4947 9138 “Oriyentfinans” bank, otasi Baxtiyor Ergashev nomida.
























