O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritildi:
18-moddaning (Aqli rasolik) matni quyidagi tahrirda bayon etildi:
«Jinoyat sodir etish vaqtida o‘z harakatlarining (harakatsizligining) ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan va ularni boshqara olgan shaxs aqli raso shaxsdir.
Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish vaqtida aqli noraso holatda bo‘lgan, ya'ni ruhiy holati surunkali yoki vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoxud ruhiy holati boshqacha tarzda buzilganligi sababli o‘z harakatlarining (harakatsizligining) ahamiyatini anglay olmagan yoki ularni boshqara olmagan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.
Aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsga nisbatan sud tomonidan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari tayinlanishi mumkin»;
quyidagi mazmundagi 18-1-modda bilan to‘ldirildi:
«18-1-modda. Aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxsning javobgarligi
Jinoyat sodir etish vaqtida ruhiy holati buzilganligi tufayli o‘z harakatlarining (harakatsizligining) ahamiyatini to‘liq darajada anglay olmagan yoki ularni boshqara olmagan aqli raso shaxs javobgarlikka tortiladi.
Aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxsga nisbatan sud tomonidan jazo bilan birga tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari tayinlanishi mumkin»;
56-modda (Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar) birinchi qismining (Quyidagi holatlarda jinoyat sodir etish jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb topiladi) «j» bandidagi (yosh bola yoki ruhiy kasalligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsdan foydalangan holda) «ruhiy kasalligi» degan so‘zlar «ruhiy holatining buzilganligi» degan so‘zlar bilan almashtirildi;
67-moddaning (Kasallik tufayli javobgarlikdan ozod qilish) birinchi qismi (Jinoyat sodir etgan shaxs hukm chiqarilgunga qadar o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan va o‘z harakatlarini boshqara olmaydigan darajada ruhiy kasallikka chalinib qolgan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinadi) quyidagi tahrirda bayon etildi:

















