Jamiyat | 16:36 / 13.09.2019
83921
9 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz surishtiruvi: SamDUdan «yiqilgan» qizlar ballarni hisoblashda ko‘zbo‘yamachilik bo‘lganini aytishmoqda

Kun.uz tahririyatiga Samarqand Davlat universitetining «Jismoniy madaniyat» fakultetining Sport faoliyati (xotin-qizlar sporti yo‘nalishi) bo‘yicha o‘tkazilgan kirish imtihonlaridan norozi 14 nafar abituriyentdan murojaat kelib tushdi.

Imtihonlarning yakuniy natijasini chiqarishda adolatsizlikka va tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilganini ta'kidlagan qizlarning vajini o‘rganish uchun jurnalistik surishtiruv o‘tkazildi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu yo‘nalishiga 15ta davlat granti, 35ta to‘lov-shartnoma asosida jami 50ta o‘rin ajratilgan. 253 kishi ariza topshirgan. Kirish uchun faqat ijodiy imtihonlar — sport sinovlari uch kunda, 31 iyul, 3 avgust va 7 avgust kunlari uchta blok bo‘yicha o‘tkazilgan. Sinovlar o‘tgan kunning ertasigayoq natijalar Qabul komissiyasida ilib borilgan. Qizlar sinov natijalarini qo‘shib, kim necha ball to‘plaganini hisoblab borishgan va o‘zlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, ularning ayrimlari grant, ko‘pchiligi kontrakt asosida o‘qishga kirishi kerak bo‘lgan.

Biroq, oradan kunlar o‘tib, 3 sentabr kuni chiqarilgan yakuniy jadvalda ayrim dugonalaridan tashqari, ularning birortasi o‘qishga kirmagani ma'lum bo‘lgan. Chunki sinovlarda past ball olgan abituriyentlarning 2-blok bo‘yicha to‘plagan ballari oshirib qo‘yilgan.

Bizga ma'lum qilishlaricha, ular Qabul komissiyasiga buning sababini so‘rab murojaat qilishganida «o‘zingning baling to‘g‘rimi, boshqalarniki bilan ishing bo‘lmasin», degan javobni berishgan.

Qayd etish lozimki, faqat 2-yo‘nalish — Gimnastika sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlar ballari o‘zgartirilgan. 1-blok — Yengil atletika va 3-blok — Sport o‘yinlarinikiga teginilmagan.

O‘qishga kirolmagan abituriyentlar suratga tushirib yurgan sinov natijalariga e'tibor beramiz. Ko‘rib turganingizdek, 31 nafar abituriyentning ballarida farq bor.

Yakuniy jadvalni olsak, ballari o‘zgartirib, ko‘tarib qo‘yilgan, deya da'vo qilinayotgan joylashuvi mana shu tartibda. Bu suratga ishonilsa, bor-yo‘g‘i 8 kishi (1ta grant, 7ta kontrakt) o‘z kuchi bilan kirgan bo‘ladi.

Biz bu borada SamDU Qabul komissiyasi mas'ul kotibi Rahmatillo Mirzayevga uchradik.

U o‘tkazilgan sinovlarda qo‘yilgan ballar va yakuniy ballar ro‘yxatini taqdim etdi. Sinovlarni Guliston davlat universiteti o‘qituvchilari kelib olishganini ta'kidlab, hammasi adolatli o‘tgani, abituriyentlarning vajlarida asos yo‘qligi, o‘rtadagi farq qayerdan kelib qolganini bilmasligi, o‘shanda o‘zlarida mavjud jadvallarning kseronusxasi ilinganini aytib o‘tdi.

Ya'ni, mas'ul kotibning so‘zlariga ko‘ra, chindan ham sinovlar natijalari ballari kseronusxasi imtihondan ertasi kuni qabul komissiyasi tomonidan hovlida paydar-pay ilib borilgan. Biroq qizlar uni suratga tushirishgan bo‘lishi, kompyuter dasturlari bilan o‘zgartirgan bo‘lishlari mumkin (ta'kid — bizniki).

Biz mazkur masalada SamDU rektori, qabul komissiyasi raisi, professor Rustam Xolmurodov bilan ham suhbatlashdik.

Rustam Xolmurodov o‘zi aniqlagan ma'lumotlarga ko‘ra, norozi bo‘lib yurgan 14 nafar qiz birgalikda azaldan bir murabbiy qo‘l ostida imtihonlarga tayyorlangani, endi kimlardir norozilik uyg‘otish, universitet obro‘siga raxna solish uchun ularni tezlab, «otashin qilib», ataylab shov-shuv «ko‘tarayotgani»ni aytdi. Qizlarning qo‘lidagi imtihon natijalari suratlari o‘zgartirilganini, imtihonda bunday ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yish mumkin emasligi ta'kidlab o‘tdi.

Chindan ham, suratga tushirilgan natijalarni kompyuterda o‘zgartirish mumkin. Tahririyat ixtiyorida 4 qiz tomonidan alohida-alohida taqdim etilgan, go‘yoki 4ta rakursdan tushirilgan natijalar fotosuratlari bor. Ular — bir xil.

Vaziyat shunday edi: qizlar adolatsizlikka yo‘liqishganidan norozi, mas'ul rahbarlar hech qanday adolatsizlik ro‘y bermaganini ta'kidlashmoqda.

Shuning uchun ertasi kuni jarayon ishtirokchilarining ikkinchi tomoni — o‘qishga «noqonuniy qabul qilingan» deya iddao qilinayotgan SamDU talabalari bilan uchrashdik.

Jismoniy madaniyat fakulteti dekani Bahodir Qipchoqov, dekan o‘rinbosari hamda SamDU matbuot kotibi Dilmurod Do‘stmurodov bilan auditoriyaga kirib, qizlardan bo‘lib o‘tgan voqealarni so‘radik.

Hozir talabalar ikki guruhga bo‘lingan. Birinchi guruhdagi talaba qizlar bir ovozdan imtihonlar halol o‘tganini, hech qanday adolatsizlik bo‘lmaganini ta'kidlab o‘tishdi.

«Qizlarning qo‘lida o‘sha sinovlarning ertasigayoq tushirilgan natijalar fotosuratlari bor ekan. Unda sizlarning aksaringizning ballaringiz kam ko‘rsatilgan. Sizlarning qo‘lingizda ham o‘sha ballar suratlari bormi? Agar bo‘lsa, demak, ular yolg‘on gapirayotgan bo‘lishadi», deb savol berdik.

Faqatgina birgina qiz o‘sha biz istayotgan suratni ko‘rsata oldi. U davlat granti bo‘yicha qabul qilingan Gavhar Zoirova edi. U ro‘yxatning eng oxirida bo‘lgani sababli faqat o‘sha varaqni tushirib olganini aytdi. Uning ballari ham o‘zgartirilgan deb taxmin qilinmoqda. Chunki, 2-blokda u 62,5 ball olgan. Jami 174,5 ball jamg‘argan. Norozi qizlar qo‘lidagi jadvalda uning 2-blok bo‘yicha jamg‘argan balli 50,5 ko‘rsatilgan.

Qolgan qizlar «biz qog‘ozga yozib yuruvdik», «bizning fotosuratga tushira oladigan telefonimiz yo‘q», qabilida javob berishdi.

Ikkinchi guruhdagi talaba qizlarning to‘rt nafarini ko‘chada uchratib, shu savolni berganimizda, ular «bizda u natijalar yo‘q», degan javobni berishdi va qolgan savollarimizga javob bermasdan negadir tezda oldimizdan ketib qolishdi.

Rektor ta'kidlaganidek, 20 nafarga yaqin qiz imtihonlarga 6 oy mobaynida tayyorlangani, ularning 14 nafari kira olmagani chindan ham tasdiqlandi.

Lekin ballari o‘zgartirilgan, deb da'vo qilinayotgan qizlar soni — 31 nafar. Qolganlar nega qo‘shilmayapti? «Ular adolatsizlikdan yig‘lab yig‘lab, endi qishlog‘imga qanday boraman, ota-onamga nima deyman, deya, taqdirga tan berib ketishdi», — deydi qizlardan birining onasi.

O‘qishga kira olmagan qizlarning aytishicha, imtiyoz bilan davlat grantiga qabul qilingan abituriyentlar soni avvaldan 9 kishi deb e'lon qilinsa-da, yakunda ularning soni 11 nafar bo‘lgan. Buni ular 3 sentabr kuni mandat jadvali ilingandagina bilishgan. Ungacha o‘qishga kirgan qizlarning ballarini hisoblab yurishgan.

Qizlar shuningdek basketbol va voleybol to‘pining farqiga bormagan, 100 metr va 400 metrga yugurishni eplay olmagan qizlar o‘qishga kirganini ta'kidlashdi.

Ular qandaydir «yo‘l»lar bilan kirgani va bu «yo‘l»larning «yo‘lkirasi» qancha bo‘lgani haqida ham aytishdi. «Yo‘lkira»ni to‘lab qo‘ygan qizlar imtihon natijalarini borib ko‘rib ham o‘tirishmaganini, «mening kirishim aniq», deb avvaldan aytganlari ham bo‘lganini ta'kidlashdi.

Qizlar Toshkentga borib, bu haqda Prezident qabulxonasi, Bosh prokuratura, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va boshqa idoralariga ariza yozib kelishgan. Qizlar uylariga universitetdan xodim borib, arizani qaytarib olishga majburlanishayotganini ham aytib berishdi. Qiziq, nega? Tahririyat ofisida qizlar bilan gaplashib turganimizda ulardan birining otasi qo‘ng‘iroq qilib, ariza yuzasidan odam kelganini aytib qoldi.

Bu yerda kim haq, kim nohaq — faqat o‘zlariga-yu, Yaratganga ayon. Masalani faqat vakolatli idoralar vakillari kelib, videoyozuvlarni ko‘rib, o‘rganib chiqib, tahlil qilib, aniq bir narsa deyishlari mumkin. Adolatni ro‘yobga chiqarish uchun shunday yo‘l tutishlari kerak ham. Universitet xodimlari agar oq bo‘lsa, albatta videoyozuvlarni bittalab ko‘rsatib, o‘zlarini oqlab olishlari kerak bo‘ladi.

Xullas, jurnalist sifatida mening aniqlay olganlarim shu bo‘ldi. Siz bu borada qanday fikrdasiz, aziz o‘quvchi?

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid