O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritildi:
93-moddaning (Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining turlari) matni quyidagi tahrirda bayon etildi:
«Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari jumlasiga quyidagilar kiradi:
a) yashash joyi bo‘yicha ruhiy-asab kasalliklari dispanserida (tuman (shahar) psixiatrining xonasida) majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va davolanish;
b) yashash joyi bo‘yicha umumiy tartibli psixiatriya muassasasining umumiy kuzatiladigan bo‘limida majburiy davolanish;
v) umumiy tartibli psixiatriya muassasasining maxsus reabilitatsiya bo‘limida majburiy davolanish;
g) kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanish;
d) jazoni ijro etish muassasalarining davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish bo‘limlarida hamda mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashgan shifoxonada majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va davolanish»;
94-moddaning (Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini tayinlash) matni quyidagi tahrirda bayon etildi:
«Ruhiy holati buzilgan, kasalligining zo‘rayishi alomatlari bo‘lmagan shaxslarga, shuningdek ruhiy holati vaqtincha buzilgan shaxslarga nisbatan kasallik qaytarilishining va ular tomonidan yangi ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etilishining oldini olish uchun yashash joyi bo‘yicha ruhiy-asab kasalliklari dispanserida (tuman (shahar) psixiatrining xonasida) majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va davolanish tayinlanishi mumkin.
Yashash joyi bo‘yicha umumiy tartibli psixiatriya muassasasining umumiy kuzatiladigan bo‘limida majburiy davolanish ijtimoiy xavfliligi umumiy asoslarda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan davolashni talab etadigan holat bilan bog‘liq bo‘lgan, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin.
Umumiy tartibli psixiatriya muassasasining maxsus reabilitatsiya bo‘limida majburiy davolanish ijtimoiy xavfliligi ko‘proq ixtiyoriy tartibda amalga oshirilishi mumkin bo‘lmagan reabilitatsiya choralari ko‘rilishini talab etadigan holat bilan bog‘liq bo‘lgan, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin.

















