O‘zbekiston | 09:31 / 16.09.2019
7526
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida yangi lavozim joriy etiladi

Foto: Fotolia / pressmaster

O‘zbekistonning istiqbolli hamkor davlatlardagi vakolatxonalarida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha attashe lavozimi kiritiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da aytilgan.

Qayd etilishicha, maqsadli bozorlar to‘g‘risida ma'lumotlar to‘plash jarayonida, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosini ilgari surishda O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalarining roli oshiriladi, istiqbolli hamkor davlatlardagi vakolatxonalarda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha attashe lavozimi kiritiladi.

Shuningdek, agrar sohada yetakchi agrar korxonalari bilan qayta aloqa mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy qilish mo‘ljallangan. Bunda, kuyidagilarni nazarda tutiladi:

yangi maqsadli eksport bozorlarida muzokaralar o‘tkazish va savdo kelishuvlarini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;

mahalliy va maqsadli xalqaro bozorlarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari marketingi va ularni tashishdagi operatsion xarajatlarini aniqlash va kamaytirish;

mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarini maqsadli eksport bozorlariga chiqarish uchun “Made in Uzbekistan” brendidan keng foydalanish imkoniyatlarini baholash;

milliy sifat tizimini takomillashtirish bo‘yicha batafsil reja ishlab chiqish.

Bundan tashqari, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xavfsizligi va sifatini ta'minlash sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni chuqur tahlil qilish hamda milliy oziq-ovqat xavfsizligi talablarini Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralari bo‘yicha kelishuvi va boshqa xalqaro standartlar talablariga muvofiqligini ta'minlash maqsadida yangi standart va normalarni ishlab chiqish rejasi tayyorlanadi.

Xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish orqali genetik modifikatsiyalangan ekinlar va o‘simliklar navlarini sinash uchun maxsus laboratoriya tashkil qilish mo‘ljallangan. 

Quyidagi maqsadlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida ixtiyoriy hamkorlikni rag‘batlantirish hamda ularni ichki va tashqi bozorlarda zamonaviy ishlab chiqarish-sotish zanjiriga qo‘shish choralarini ishlab chiqish va amalga oshirish rejalashtirilgan:

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi, tezkor qarorlar qabul qilish va tarmoq siyosatini shakllantirish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etuvchi ishlab chiqaruvchilar birlashmalarini (kooperativlar va boshqalar) tashkil etish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari birlashmalari, fermer va dehqon xo‘jaliklarining qayta ishlash sanoati korxonalari (shu jumladan, klasterlar doirasida) bilan o‘zaro hamkorligini ta'minlash.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid