O‘zbekiston | 12:57 / 18.09.2019
14292
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 100 ming fuqaroga YTH tufayli halok bo‘lgan necha kishi to‘g‘ri kelishi ma'lum qilindi

Foto: Pixabay

O‘zbekistonda 100 ming kishiga yo‘l-transport hodisasi tufayli halok bo‘lgan 11,5 kishi to‘g‘ri keladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabarida aytiladi.

Bildirilishicha, 2019 yil 18 sentabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning BMT bosh kotibining o‘rinbosari, Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha maxsus vakili Jan Todt bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ta'kidlanganidek, yo‘l harakati xavfsizligi muammosi taraqqiyotning global muammolaridan biri hisoblanadi. Bu muammo har yili 1,35 mln. kishining hayotiga zomin bo‘lib, 50 mln. kishining turli darajada jiddiy jarohat olishiga sabab bo‘lmoqda. Yo‘l-transport jarohati bolalar va yoshlar orasida o‘limning asosiy sababi hisoblanadi, katta ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarga olib keladi, buning natijasida ko‘pchilik mamlakatlarda iqtisodiy zarar YaIMning 5 foizigacha yetadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2018 yildagi Global hisobotida ta'kidlanganidek, O‘zbekiston yo‘l xavfsizligi sohasidagi ishlar holati bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchi o‘rinni egallaydi: 100 ming kishiga yo‘l-transport hodisasi tufayli halok bo‘lgan 11,5 kishi to‘g‘ri keladi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid