O‘zbekiston | 12:04 / 21.09.2019
3421
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatmayotgan kichik biznes korxonalarining soni oshgan

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

2019 yil 18 sentabr kuni xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Sessiyada Qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar va boshqa mutasaddi idoralar vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruhi tomonidan viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar holatini o‘rganish natijalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Sessiya ishida ta'kidlanganidek, hududda viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni bugungi davr islohotlari shiddati, tobora oshib borayotgan xalq ehtiyojlari va hududlarning iqtisodiy raqobati sharoitida yetarli deb bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib, sessiyada ayni sohada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, hanuzgacha o‘z yechimini kutayotgan masalalar, mavjud muammolar xususida so‘z yuritildi.

Xususan, viloyatda kichik biznes sub'yektlarining oldida turgan to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga, ular bilan yaqindan muloqot o‘rnatib, mavjud muammolarini hal etishga yetarli e'tibor qaratilmayotgani oqibatida faoliyat ko‘rsatmayotgan kichik biznes korxonalarining soni o‘tgan yilning ushbu davriga nisbatan 788 taga yoki 7,4 foizga oshgan. Bunday tadbirkorlik sub'yektlari (yuridik shaxslar) Guliston shahri va Guliston tumani, Sirdaryo, Mirzaobod, Sayxunobod tumanlarida yuqoriligicha qolmoqda.

Sessiyada ayrim tadbirkorlik sub'yektlari yashirin ravishda faoliyat ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelayotgani ham tanqid ostiga olindi.

Bugungi kunda aholi bandligini ta'minlash, fuqarolar uchun doimiy daromad manbalarini yaratish dolzarb vazifalardan sanalmoqda. Hududlarni ijtimoiy rivojlantirish dasturlari doirasida 18,6 trln. so‘mlik 349 ta loyiha ishlab chiqilib, 23 851 yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan edi. Bugungi kunga qadar viloyatda 978,8 mlrd. so‘mlik 122 ta loyiha ishga tushirilib, 1 073 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan, xolos. Tadbirda bu boradagi sustkashliklar sabablarini chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.

Sessiyada eksport salohiyatini oshirish ko‘p jihatdan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatiga bog‘liqligi ta'kidlangan holda, viloyatda kichik sanoat zonalarida loyihalarni to‘liq ishga tushirish borasida ayrim muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Mavjud erkin iqtisodiy zonalar hamda kichik sanoat zonalaridagi infratuzilmani yaxshilash, u yerdagi imkoniyatlarni yanada kengaytirishga e'tiborni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Mavzuga oid