Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyatining Parkent, Bo‘stonliq va Ohangaron tumanlarida g‘alla ekishdan qisqartiriladigan yer maydonlarida mevachilik va uzumchilik, sabzavotchilik, kartoshkachilik yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi va Toshkent viloyati hokimligining g‘alladan qisqartiriladigan yer maydonlarini tajriba-sinov tariqasida meva-uzumchilik, sabzavot-kartoshkachilik bilan shug‘ullanish maqsadida ochiq tender tanlovlari orqali uzoq muddatli ijaraga berish haqidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Toshkent viloyati Parkent, Bo‘stonliq va Ohangaron tumanlarida g‘alla ekishdan qisqartiriladigan yer maydonlarini tajriba-sinov tariqasida tanlov asosida meva-uzumchilik, sabzavot-kartoshkachilik yo‘nalishidagi yirik loyihalarga ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Belgilanishicha:

tender tanlovi va shartlarida yerning joylashgan manzili, maydoni va chegaralari (konturlar kesimida), yer fondidagi toifasi, holati, ball boniteti, suv tarmog‘i, ekilishi lozim bo‘lgan ekin turi va boshqa muhim parametrlari tasdiqlanadi va ommaviy axborot vositalari orqali e'lon qilinadi;

Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda g‘alladan qisqartiriladigan yer maydonlarini har bir hududlarining tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib ixtisoslashtirish, ushbu yerlarga intensiv bog‘lar va tokzorlar barpo etish, sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarini joylashtirish bo‘yicha tavsiyalarini ishlab chiqadi hamda ular tender tanloviga taqdim etiladi.

Meva-uzumchilik, sabzavot-kartoshkachilik sohasidagi loyihalarni tanlovi quyidagi tamoyillarga asosan tashkil etiladi:

axborotning ochiqligi va erkinligi;

tashabbuskorlarning teng huquqliligi;

tashabbuskorlar tomonidan majburiyatlarni bajarilishi.

Loyihalar tanlovini amalga oshirish uchun tashabbuskorlarni jalb qilish quyidagi maqsadlar uchun amalga oshiriladi:

xalqaro standartlar bo‘yicha, shuningdek, hududlarning tuproq iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, innovatsion texnologiyalarini qo‘llagan holda meva, uzum, sabzavot va kartoshka yetishtirish, yig‘ib-terib olish va realizatsiya qilish, shuningdek, eksport qilish;